← Barcha maqolalar

Iblisning sifatlaridan biri tushkunligidir. Ya’ni iblis bu tushkun va mahzundir. U…

Maqola · 3 daqiqa o‘qish

Iblisning sifatlaridan biri tushkunligidir. Ya’ni iblis bu tushkun va mahzundir. U Xudodan umid kesgan va jahannamga rozi boʻlgan maxluq sanaladi. Menga baribir degan oʻy uniki. Aynan iblis yoʻldan urgan odamda tushkunlik va badbinlik gʻolib keladi.
Tushkun odam ertadan yorugʻlik koʻrmaydi. Barcha hodisalardan faqat fojia va azob axtaradi. Nekbin odam esa doimo osonlik va shodlik, farah va nishot ustidadir.
Insonning tushkun emas, koʻtarinki boʻlishi Xudoga yoqadi. Podshohga undan umidvorlar yoqadi, umid kesganlar emas.
Har qanday holatdan qanday qilib yaxshilik topsak boʻladi?
Kasallik kelsa, duo qilish uchun sharoit tugʻilganidan xursand boʻlish mumkin, chunki bemorning duosi qabul.
Tobelarning itoatsizligi sodir boʻlsa, bundan qalb ozorlansa, gunohlar kafforati haqida oʻylasa boʻladi.
Yaqinlar, doʻstlar tark etsa, xiyonat qilsa, ularning asli ochilganidan, xoinlarni bagʻirga bosishdan qutulganidan inson shukur qilsa, arziydi; shuningdek, ulardan nafratlanmay, ilgari va hozir tanimayotgan millionlagan odamlar ichiga qoʻshib yuborish kerak – bunday odam menga begona degan fikrga kelish va eslamaslik, mutlaq unutish lozim.
Rizqdan muammo his qilsa, rizqqa Xudoyim kafil deya astoydil duo qilib, yoʻl koʻrsat deb yolvorish lozim.
Odatda, befarosatlar, razillar va johillarga duch kelish mumkin, ularni gʻiybat qilmaslik, balki ulardan uzoq turish ila oʻzni saqlash va ularga rahmat nazari ila qarash kerak.
Odam oʻzini birovlardan baland qoʻymasa, xotirjam yashaydi. Boradigan manzilini eslab tursa, tinch yuradi. Asosiysi, koʻp gapirishdan oʻzini tiysa, hayoti juda ham osoyishta kechadi.
Inson balki kabira gunohlar qilgandir. Ularni eslasa, dunyo koʻziga qorongʻu boʻlar — darhol istigʻfor va tavba qilish hamda shu onda qalbining ichidan bu soʻzlarni aytish yaxshi, ruh yengil tortadi, xatolar tosh kabi zulmat botqogʻiga choʻktirmaydi.
Hayotda hammasi oson; ijtimoiy qarmoqda biz odamlarning bir onini koʻramiz, ular ham gʻam chekadi; ularda ham ogʻriqlar koʻp; ularning tomoshalari, diqqat qilinsa, juda kulguli.
Xilvatda halol rizq bilan sodiq insonlar ila halovat tuyib yashash goʻzal.
Chuqur daryo kabi xotirjamlik ulkan qudrat beradi, men xotirjamman deb maqtanmaslik ijobiy belgi.
Insonlarga, hayvonlarga rahmat koʻzi bilan boqish; johillar ozorini qalbga kiritmaslik; qalbi qotganlar davrasidan uzoqqa qochish; kishilarni malomat qilmaslik sakiynat kaliti.
Hech kimga yopishib olmagan yutadi — istagan qolsin, istamagan ketsin. Qolganlarga gʻamxoʻr boʻl, ketganlarni unutishga intil.
Hayot juda ham yaxshi, yashash juda ma’qul ish. Olamda gunoh koʻpaydi deb tashvish qilgan oʻzini oʻnglasin, gunohlardan saqlansin, Xudoga yigʻlab tazarru aylasin, shu kifoya. Xalqning haqqiga duo qilish, xayr amallarni iddao qilmaslik, men, men, men deya oʻzini koʻrsatmaslik chiroyli tarz.
Darvoqe, ish-ish-ish deb qul boʻlmagan hurdir. Hur, ozod odam kunning bir qismida ishlaydi, bir qismida dam oladi, bir qismida ibodat qiladi. Ishdan murod shunchaki, rizq sababini qilishdir, ish deb kimgadir yoki ishning oʻziga qul boʻlish emas.
Insonlar bizga e’tibor qilmasa, nima? Majbur emas. Yordam bermasa, nima? Majbur emas. Biz e’tibor qilsak, yordam bersak, yetarli.
Hayotdan ta’lim olmagan va ta’limga muhtojlik sezmagan kasga nasihat — kar quloqqa tanbur chertish-ku.
Hammamizga nekbinlik, kengfe’llik, tabassum, muhabbat yor boʻlsin!
Juma muborak, azizlarim!