← Barcha maqolalar

Bu olamning ishi qiziq.

Maqola · 2 daqiqa o‘qish

Bu olamning ishi qiziq.
Aytiladiki, nifoqning sanalgan alomatlari toʻrttaga yetadi:
1. Gapirsa, yolgʻon gapirish.
2. Va’da bersa, bajarmaslik.
3. Omonatga xiyonat qilish.
4. Kelisholmay qolsa, fojirlik qilish (soʻkinish, tahqirlash).
Nifoq dil va tilning
boshqa-boshqa boʻlishidir. Tilda iymonliman deya dilda unga ishonmaslik.
Ayrimlar obroʻli, taniqli yoki ilmli odamlar bilan yaqin muloqotda boʻladi. Ular bilan ba’zan (baxtga qarshi) moliyaviy hamkorlik qiladilar. Ammo ilm ahlida pul nima qilsin? Bor xayoli ilmda boʻlganning pulni pulga urib, pul qilishga vaqti bormi? Qolaversa, ba’zan kutilgan natija boʻlmay qoladi, sababi insonga bogʻliq emas.
Bu birinchi holat. Ikkinchi holat shulki, ilm ahlidan ham insoniy xatolar sodir boʻladi: oʻrinli-oʻrinsiz gʻazab; dangasalik; hissiyotga berilish…
Bunga uzoqda, tashqarida yurganlar emas, yonida yaqin boʻlganlar guvoh boʻladilar, tabiiy. Keyin ulardan ikki ishdan biri sodir boʻladi, uchinchisi yoʻq.
Birinchi ish shulki, sabr qilib, ilm ahlini malollantirmay, pul masalasida bezovta qilmaslik, balki boshqa tomondan masalani hal qilishga urinish; olimning xatolarini olamga yoymay, afv etish, albatta, olimning tavbasi va istigʻfori borligiga ishonish, ixlosda nuqson qilmaslik; bu mardona ish oliynasab, tarbiyali, pokiza zotlarga xosdir.
Ikkinchi ish shulki, olimdan pulni tinimsiz soʻrash; shuning bahonasi ila uni hurmatsiz qilish; eplasa, qilmaydimi kabi malomatlar yogʻdirish; guvohi boʻlgan qusurlari haqida hamma yoqda gʻiybat qilish — bu ishni zoti past, aqlsiz va avom toifasi qiladilar.
Bunday tubanlik uchun avom va pastkashlarni ayblash oʻrinsiz, chunki ular bundan boshqa ish qila olishmaydi – pashshaning ishi oqqa qora, qoraga oq qilib axlat tashlash hisoblanadi, zotan.
Ilm ahllari oʻzlariga ziyrak boʻlishlari, nomunosiblarni yaqin koʻrmasliklari, har bir ishni oʻylab bajarishlari kerak.
Umuman olganda, insonlarning obroʻsiga tajovuz qilish razil tabiatli kimsalarga xosdir.