← Barcha maqolalar

Yozuvchilik bu noyob iste’doddir. Juda koʻpchilik qalam tutishi mumkin, lekin…

Maqola · 2 daqiqa o‘qish

Yozuvchilik bu noyob iste’doddir. Juda koʻpchilik qalam tutishi mumkin, lekin chinakam iste’dod va qabuliyat juda kam insonlarda boʻladi.
Yozuvchi uchun eng avvalo, tugʻma qobiliyat, ikkinchidan chuqur ilm (adabiy-nazariy ilmlar), uchinchidan hayotiy tajriba va albatta, toza va dardli, uygʻoq va bezovta, ta’sirchan va hassos qalb zarur.
Tugʻma qobiliyat boʻlmasa, havaskorlik bilan yozuvchi boʻlish mumkin emas. Qobiliyat kimdadir kuchli, yorqin; kimdadir zaif va xira boʻladi. Har kimning oʻrni qobiliyatiga muvofiq topiladi. Iste’dodi sust kishilar iste’dod ahllariga hasad qilmasliklari lozim; iste’dod ahllari oʻzidan quyidagilarni xor koʻrmasinlar.
Adabiy-nazariy ilm bu – yozish uslublari, janrlar, oʻxshatishlar topish qoidalarini, turli adabiy-fikriy oqimlar va shu kabilarni bilishdir. Busiz mumkin emas.
Iste’dodli va ilmli yozuvchida hayot tajribasi boʻlmasa, ya’ni qismat ogʻriqlarini yetarlicha chekmagan boʻlsa, kurashlarda toblanmasa, turli ziddiyatlar ichida pishmasa, shuningdek, bur nuqtasa xolislik va qat’iyat bilan turib bermasa, odamlarni turga jihatdan tanimasa, unga kashf ochilmaydi. Oʻpkaning eng chuqur yerlaridagi nafas eshiklari ochilishi uchun odam koʻp va uzoq, davomli va tartibli mashqlar qilib, yugurishi zarur boʻlgani kabi tafakkur va tahlilning teran va yorqin porlashi uchun yozuvchiga ogʻriq va azob zarur. Soʻz ahlining ozuqasi azob va iztirobdir.
Dard chekmagan, yonmagan, kurashmagan odam, oʻz qarash va fikrlarini himoya qila olmaydigan va oʻz gʻoyasiga koʻra yashamagan odam yozuvchi boʻlolmaydi, u yozuvchilikni tirikchilik yoʻlida ishlatayotgan mardikordir, yozuvchilikni tiriklik deb qabul qilgan odamgina sharaf va qabuliyat qozonadi.

#yozishdan_darslar