Kimdir xabar keltirsa, darhol ishonib ketish yaramaydi. Ko'ngilga kelgan har bir…
Kimdir xabar keltirsa, darhol ishonib ketish yaramaydi. Ko'ngilga kelgan har bir gumonni ham tez tilga chiqarish ma'qul ish emas.
Ahamiyatsiz gaplarni gapirgan odamning ruhi sinadi.
Istalgan va kutilgan xabar kelsa ham, to'xtamoq lozim. Balki u rost bo'lmasa-chi? Albatta, xabarning manbasini tekshirmoq zarur. Bayon etilgan voqelikning ikir-chikirlarigacha bilmoq kerakki, haqiqat yuzaga chiqsin. Albatta, shu haqiqatga inson juda ham muhtoj bo'lsa.
Chunki olamdagi juda ko'p haqiqatlarning odamzodga keragi yo'q. Masalan, do'stning g'iybati, qo'shnining daromadi, birovning gunohi... kabilarni bilishdan kishiga foyda yo'q. Kimdir xato qilgani haqida bilish ham zarar, chunki xatokor tavba qilsa, xatosi qilinmagandek yopiladi; uni bilishning biror manfaati qoladimi shunda?
Biror hodisaga qarab, undan keyingisini aytishning xayri yo'q. Modomiki, uni aytishdan biror foyda bo'lmasa.
Agar ko'ngil biror muhim voqelikni his etsa, belgi va alomatlar uning sodir bo'lishidan xabar bersa va uning sodir bo'lmog'i insonlar hayotida nimanidir o'zgartirsa, ana shu hodisaga tayyorgarlik ko'rish uchun uni taxmin ma'nosida so'ylamoq maqsadga muvofiq.
Odamni o'ldirsa, keraksiz so'zlar o'ldiradi.
"Har eshitganini gapiraverish kishining yolg'onchi ekaniga dalildir".
"Gapirsang, yaxshi gapni ayt, yo'qsa, jim bo'l".
"Sukut qilgan, omonlikdadir".
"Biror fosiq xabar keltirsa, uni, albatta, tekshir".