Oylik berishning hikmati haqida ayrim haqiqatlardan so‘ylasak, foydali bo‘lsa, ajab…
Oylik berishning hikmati haqida ayrim haqiqatlardan so‘ylasak, foydali bo‘lsa, ajab emas, inshaaAlloh.
Rahbar, u qanday joyda bo‘lmasin, xodimlarning kayfiyati va fe’lini bilib turishi kerak. Ya’ni muomala va amrlar shunga muvofiq bo‘lishi lozim.
Yangi, ya’ni tajribasi oz yoki tajribasi bo‘lmagan yosh ishchilarga olti oysiz baland miqdorda oylik berib bo‘lmaydi. Sabablari quyidagilardar:
1. Yoshlarning aksarida pul sarflash ilmi yo‘q. Ya’ni ular pulni kerak o‘ringa sarflashni bilishmaydi, ular pulni keraksiz hoyu havaslarga sovuradilar. Ularga beriladigan oylik maosh ham shu tariqa isrof bo‘lib ketadi.
2. Pul sarflash ilmi ta’lim bilan birga tajriba orqali hosil bo‘ladi. Ya’ni pulini o‘ylovsiz sarflagan jo‘jaxo‘roz ertaga muhtojlikka tushib, boshi devorga urilgach, "Eee, pulni sal o‘ylab, yon-verimga qarab sarflashim kerak ekan-ku!" — deb xulosa qiladi hamda pulni eng zarur o‘rinlarga ishlatishni o‘rganadi. Oyligi kamroq bo‘lsa, bu masalada tejamkorlik mahorati oshadi.
3. Muayyan vaqt davomida muhtojlik inson uchun zarur. Muhtojlik o‘sishning omilidir. Muhtojlik aqlli inson uchun hikmat va quvvat manbaidir. Ya’ni oqil yigit muhtojlik orqali muhtojlik sabablarini o‘rganadi, unga tushmaslik choralarini anglaydi, muhtojlarni his qiladi, muhtojlarga qanday va qay shaklda yordam berish kerakligi haqida ilmi amaliy hosil etadi.
4. Kamroq oylik olib ishlayotgan yigit sabr va sadoqat bobida sinovdan o‘tadi. U boshliqning hikmati va marhamatiga, adolati va tajribasiga ishonadi, yetishmovchiliklarga sabr qilib, sadoqat bilan o‘z ishxonasi va rahbariga xizmat qiladi, bu esa uning iqboli uchun, ishonchga kirib, katta xizmatlar qilishi, pirovardida baraka va yaxshi iqboli uchun yo‘l ochadi.
5. Puli kam odam uzoq muddat shu holda qolarkan, pulning kamligi uning yashashi uchun qiyinchilik tug‘dirmasligini tushunadi. Ayrim narsalarni bo‘lmasligi hayotga nuqta qo‘ymasligini xulosa qiladi. Pul hamma narsani hal qilmasligini tushunadi. Pul u istagan paytda o‘z-o‘zidan emas, mehnat, malaka, shijoat va sabr orqali Xudo iroda qilgan vaqtda kelishini chuqur anglaydi.
6. Yosh ishchi ishxonada ishlarkan, dastavval o‘z sohasida amaliyot o‘taydi, ya’ni dastlabki davrda eng muhim tajriba va ilmlarni, malaka va ko‘nikmalarni hosil qiladi, bu borada unga ishxona – maktab, boshliq – ustoz vazifasini bajaradi, u ozgina oylik olib, ko‘p ishlash bilan ana shu maktab va ustozning haqqini ado qiladi.
7. Yosh ishchi ko‘p ishlab, kam oylik olarkan, fidoyilik va matonatga erishadi, halol mehnatning mohiyatini tushunadi, kelajakdagi baraka ana shu halol ter bilan paydo bo‘ladi, yosh ishchi mehnatdan keladigan rizqning qanchalik shirin va qadrli bo‘lishini butun borlig‘i bilan anglaydi.
Umuman olganda, bu masalada ko‘plab hikmatlar bor, shu sababli hurmatli yigitlarimiz, o‘z o‘rnimni topmadim deya o‘sishim kerak deb ishdan ishga sakrashlari to‘g‘ri emas, bu ularga betayin degan yorliq yopishtiradi; modomiki, boshliq insofli, diyonatli, halol ekan; ishxona odamlarga foydali xizmat qilayotgan bo‘lsa, foydali mahsulotlar berayotgan bo‘lsa, demak, shu yerda qolish kerak, faqat bu narsalarni ishga kirishdan avval bilib, shubhalardan xoli bo‘lish talab etiladi.
Bu ilmni mukammal bilib oling, o‘zingizga chuqur singdiring, bu so‘z ham boshliqlarga, ham xodimlarga tegishli. InshaAlloh, manfaatini ko‘rasiz. Mana shu ilm bo‘lmagani uchun ishchilarda tayin yo‘q, rahbarlar qiynalgan, ishlayman degan yoshlar ham mashaqqat chekkan... Yana ular internetni to‘ldirgan "motivator aqltoylar"ning o‘sish uchun qulay muhit izla degan safsata hamda javrashiga aldanib yurishadi.
So‘zimizni qisqa qildik, chunki bu borada batafsil qilib kitob yozish mumkin.