Bir gadoy bir boyning ostonasiga yotib oldi. Ya'ni har kuni sadaqa so'rar edi,uning…
Bir gadoy bir boyning ostonasiga yotib oldi. Ya'ni har kuni sadaqa so'rar edi,uning boshqalardan farqi shulki, u aniq miqdor talab qilmoqda edi: menga ming dinor ber der edi. Ammo boy bir dirhamdan ortiq berishni istamasdi, sababi gadoyning holiga qarab, ming dinor berishga aqli izn bermasdi. Gadoy esa shu qadar tixirlik qildiki, boy uni ko'rishni istamay qoldi, alal-oqibat kunlardan bir kuni xizmatkoriga ming dinor berdi va anavi tilanchiga ber, faqat ko'zimdan daf bo'lsin dedi.
Tilanchi maqsadiga erishganidan shod holda yugurib ketdi. Boy ham bir surbetdan qutulganiga shukur qildi va uyining ikkinchi qavatiga chiqdi, ittifoqo, derazadan bir manzaraga ko'zi tushdi: uning ming tillosini olgan tilanchi hovliqib chopib ketarkan, uni tasodifan bir qotil o'g'ri ko'rib turgan edi, o'g'ri hech kim ko'rmayapti deb gumon qilib, tilanchiga tashlanib, tillosini tortib oldi, tilanchi berishni istamay tashlangan edi, o'g'ri uning qoq yuragiga xanjarini sanchib, bir lahzada o'ldirib qo'ya qoldi, so'ng tezda izini qoldirmay juftakni rostladi.
Xulosa shulki, Xudo G'aniy zotdir. Shu bilan birgalikda u Hakimdir.
Sen nima so'rasang beradigan, ammo hech kimga ehtiyojsiz bo'lgan Zotdir.
U O'z hikmati ila senga nima kerak va nima kerak emasligini biladi. Sen boylik so'raysan, ammo ayni vaqtda senga qashshoqlik yaxshiroq, chunki boylik senga qashshoqlikdan ko'ra xatarli bo'lishi mumkin.
Sen shon-shuhrat istaysan, lekin taniqli bo'lmaslik sen uchun foydaliroqdir balki...
Sen ilm so'raysan, balki hozir bilmaslik senga munosibdir, bilishdan so'ng amalsiz shaytonga aylanmaslik uchun kutish lozimdir ehtimol...
Senga nima kerak ekanligini Xudo biladi va senga eng kerak vaqtda, sen tayyor bo'lgan fursatda U o'sha narsani senga beradi.
Agar o'sha narsani olish qismatingda bo'lmasa, demak, rozi bo'l, shu sen uchun yaxshiroq, chunki taqsimotning Sohibi Xudodir.
Hayot boylik ila halok bo'lganlarni, shon-shuhrati ila sharmanda bo'lganlarni va ilmi ila xorlanganlarni ko'rdi. Har kim sabr qilsa va Xudoning qismatiga rozi bo'lsa, saodatga erishgay!
Banda zimmasidagi ishni qilmog'i kerak — unga ibodat va itoat, halol rizq uchun kasb qilmoq amr qilingan, shu ishlarni qilsin va to'xtamasin. Shuningdek, go'zal xulqqa buyurildik, odamzodning dunyo va oxiratdagi baxt-u saodati uning go'zal axloqi bilan mutanosibdir. Axloqi yomon odamning baxtli bo'lgani yoki axloqi go'zalning baxtsiz bo'lganini hech kim ko'rgan emas. Barcha zulmat va qayg'ular axloqning yomonligidan keladi, ilmning ozligidan emas, shul bois, avval axloq o'rganmoq avlo demishlar.
Imom Ahmad rahmatullohi alayhning shogirdlari aytibdilar: "Ustoz huzurida 20 yil bo'ldik, 18 yil axloq o'rgandik, 2 yil ilm, ustoz vafot etdilar; keyinchalik qaniydi, shu 2 yil ham axloq o'rgansaydik deb armon qildik".
Har bir nafs o'zi yetgan emas, yetolmagan narsasidan xayr ko'rsin, qo'liga kelganidan qo'rqsinki, yomonlikka vasiyla bo'lmasin! Nafsni shodlantirgan narsalarning xayrli bo'lmog'i maholdir.
Xudodan Xudoni xushnud qiladigan narsalarni so'ramoq kerak, nafsni shodlantiradigan narsalarni emas.
Toki bir kuni qo'lga olganimiz yuragimizga xanjar bo'lib sanchilmasin!
Xudoyim, bizlarni mushilotlar ichidan chiqar va O'zing rozi bo'lgan yo'lga boshla!
Akrom MALIK