← Barcha maqolalar

Iblisda ilm, irfon va ibodat bor edi. Lekin ishq yo‘q edi.

Maqola · 3 daqiqa o‘qish

Iblisda ilm, irfon va ibodat bor edi. Lekin ishq yo‘q edi.
Inson ham ilm-u, irfon-u, ibodatni kasb etasa-yu, ishqni kasb etmasa, unda shaytonning mazhabini tutib qolishi ehtimoli katta, Alloh saqlasin!
Buning ma’nosi shulki, ilm olasan, ma’rifat hosil qilasan, ibodatlar qilasan, lekin qalbingda muhabbat va ishq bo‘lmaydi. Ya’ni Allohga, Uning mahbublari va U mahbub ko‘rgan ishlarga muhabbat bera olmaysan. Aynan ishq-u muhabbatning yo‘qligi kibrning manbayidir, riyo va suma’ning bulog‘idir. Muhabbatsiz odam og‘rinadi, muhabbatsiz odam o‘z ishini katta ko‘radi, muhabbatsiz odam mukofot kutadi.
Agar sen ahli muhabbat bo‘lmasang, ahli muhabbatlarga yaqin bo‘lishdan ehtiyot bo‘l, chunki ularga o‘zingni ahli muhabbat ko‘rsatib yaqinlashib, asling fosh bo‘lib qolgach, haydalasan.
Insonning muhabbati sinovlar va mashaqqatlarda isbot topadi. Hamma qatori sinov emas, balki boshqacha, alohida sinov. Aslida, bu narsaga odamzodning o‘zi tolib bo‘ladi.
Ustozimiz topshiriq berdi. Shogirdlar ichidan biri o‘z vaqtida chiroyli va to‘liq bajardi, ustoz qabul qildi va zinhor biz bu shogirdning na tanbeh eshitganini, na maqtov olganini ko‘rdik. Umumiy ilmiy yig‘ilishlarda majburan chaqirilmasa, ustozning u bilan ishi yo‘q.
Lekin biri bor. Xato ustiga xato qiladi. Ishlarini ko‘pincha kechiktiradi. Ustoz tanbeh bersa, miq etmay eshitadi. Lekin ustoz unga amr beradi, unga ish buyuradi. Ustoz uni ko‘p eslaydi, ko‘p dakki beradi, shunda ustozning dakkilari orasida unga bo‘lgan ayricha bir marhamat va mehrni topdik.
Ha, mehr-u muhabbat bu hamisha chiroyli so‘zlar emas, balki aksar holatlarda tanbehlarga qorishiq holda kelarkan.
Muhabbatning sinovi shundayki, oshiqman degan zotga boshqalardan ko‘proq mehnat yuklanadi, nozik masala shuki, oshiq bu mehnatlardan omon chiqishi yoki amrlarni mukammal ado etishi shart emas, agar unda chin ishq bo‘lsa, unga marhamat qilinadi: uning amr bajarishdagi xatolari tuzatiladi, ishni to‘g‘ri bajarish o‘rgatiladi, boshdan oxirgacha unga madad berib turiladi.
Soxta oshiqning fe’li ishning avvalidayoq o‘zini ko‘rsatadi: u ishni bajarish haqida o‘ylaydi, xolos; u ishni qo‘l uchida bajaradi; tezroq qutulishni istaydi; unga yordam ham berilmaydi, unga boshqa ish va amr berilmaydi, u so‘zssiz va sassiz holda dargohdan chetlatiladi, hatto o‘zi ham bilmay qoladi; soxta oshiqning ishqi unga boshqalardan ko‘proq yuk berilganida norozi bo‘lishidan bilinadi; haqiqiy oshiqning haqiqati ayni shu lahzalarda ham sevgi bilan harakat qilmog‘ida ko‘rinadi — u har bir mashaqqatni sevgilidan bo‘lgan lutf o‘laroq qabul qiladi, bu mehnat va mashaqqatlarga umr va kuch sarflashdan baxtiyorlik tuyib, shodlik og‘ushida yashaydi.
Bu muhabbatning namoyon bo‘lmog‘idir.
Qaysi banda Tangrining muhabbati unga tushganini bilmoqchi bo‘lsa, o‘z amallariga boqsin: unga hammadan ko‘proq mashaqqat kelsa, u norozi bo‘lmadimi? U qadarga nega bunday deb isyon qilmadimi? U o‘ziga yuklangan ishni qo‘l uchida qilmayaptimi? Javobiga ko‘ra anglasinki, u kimdir! Va imkon qadar mahbublar qatoridan joy olish uchun tirishsin.

Akrom MALIK