Ochko'zlik va shuhratparastlik kasalidan omonda bo'lish eng katta baxt, chunki bu…
Ochko'zlik va shuhratparastlik kasalidan omonda bo'lish eng katta baxt, chunki bu ammora nafsning ajralmas sifatlaridandir.
Hozir "ilg'or" yoshlarimiz orasida "O'sish" degan so'z ko'p aylanmoqda. Ya'ni ular biror ish joyidan "o'smayotganini" bahona qilib ketib qolishyapti. Nima emish, yangi ko'nikmalarga erishmayapman, qotib qolyapman emish. Holbuki, oylik va sharoitlari qoniqarli, uni tarbiyalagan rahbar va jamoa bor.
Bu fikrlar go'dak zehniyatning namoyishi bo'lishi bilan bir qatorda ochko'zlikka va shuhratparastlikka ozgina aloqasi bor. Ya'ni yangi ish joyidan kelgan taklif kattaroq oylikni va'da qiladi. Hamda yoshlar tengdoshlariga qarab, o'zlariga to'n bichadilar. Ya'ni tengdoshi biror yutuqqa erishgandek ko'rinsa, yoki sayohatlarda yurganini ko'rsa, bas, ichiga olov tushadi: "men-chi? nega men emas? qachon men?"
Mana shu hasad, ochko'zlik hamda tengdoshlar orasida nom qozonish uchun yoshlar "o'sish"ni istab qolishadi.
Bu bir vasvasa, xolos. O'sha yoshlarga yoshi kattalar aytishi kerak, mana, biz aytamiz: aziz yosh do'stim, rizqingiz shu ishingizdan kelib turibdi, sizga g'amxo'rlik qilgan boshliqqa nonko'rlik qilmang, ikki so'm ko'p pul beraman degan va'da uchun sizni tarbiya qilgandan yuz o'girishga shoshilmang, zotan, baraka, hajmda emas, odamlar millionlab topsa ham zarracha baraka topmaydilar. Baraka qalbning xotirjamligi, ishni halol bajarish, tartibli yashash, halollik va samimiylik ila keladi.
Ikkiyuzlilik, o'zini har tomonlama ko'rsatishga intilish yigit zotiga yarashmaydi, bu kiyim kiyib reklama qiladigan model zaifalarning ishiga o'xshab ketadi.
Demak, xulosa shulki, moddiy qulaylik istab o'zingizni qiynayvermang, joningizni ham, taningizni ham. Mol-dunyo ko'zini ko'r qilgan tengdoshlaringizga qarab so'lagingiz oqmasin, yemoqning qusmog'i bor, bu hovliqmalik ularga to'satdan zapusk va shu kabi ishlar ortidan kelib qoldi, qo'llaridan mol-mulklari ketib qolsa, asl narx-u qiymatlari m'alum bo'ladi.
Gohida ayrim yoshlar o'zlaricha "elite" guruh qilib olganiga guvoh bo'lamiz: qimmat xaridlar, qimmat restoranlar, orkestrlik kechalar... Subhanalloh, azizlarim, kimlarga taqlid qilyapsiz? Milliarderlargami? Boylargami? Ko'zini shira bosib, qalbi o'choqning mo'risidek qoraygan, hamdardlikdan yiroq puldorlargami?
O'zlaringizni bu qadar kirlab tashlamangizlar!
Yosh boshingiz bilan bunchalik ochko'z, boyliksevar, moddiyatquli bo'lmangizlar.
Endi bu bir nasihat, har tugul, o'sha havas qilayotganlaringiz milliarderlarga bu gap ta'sir qilmaydi, aysh-ishrat va kayf-u safo aql va qalblarini tanbeh va hikmat kira olmaydigan darajada qulflab tashlagan; lekin sizlar hali kitob o'qiysizlar, hali qiziqasizlar.
Shul bois, gaplarimizni bir eslab qoling, garchi bu gaplar sizlarni oqib borayotganingiz g'aflat daryosidan qutqarib ololmasa-da, biror kun eslaysiz va ruhingiz ehtiyoj qilgan haqiqatga borishingiz uchun asqotib qolsa, ajab emas.