Ahli din paymonshikandur, qilsa bo‘lmas do‘stluq,
Ahli din paymonshikandur, qilsa bo‘lmas do‘stluq,
Bas, manga mug‘ dayrida ulkim, tutar paymona, do‘st.
Mazmuni:
Din ahli va'dasini buzuvchidir, ular bilan do'stlik qilib bo'lmaydi.Shu sababli menga mug' dayrida qadah tutgan odam do'stdir.
Sharh:
Dinning mohiyati va ruhidan xabarsizlar insonlarni jahannamga hukm qiladi. Aynan ular kishilarni kofirga chiqarishni sevadilar. Aynan ular ahdga vafoni bilmaydilar. Aynan ular hikmatni ko'ra olmaydigan ko'rdirlar. Aynan ular zulmi uchun qayg'urmaydigan johildirlar. Aynan ular inkorni sevadigan toifadir. Aynan ular hukm chiqarishni sevadigan g'ofillardir. Ular bilan do'stlik ahdini tuzib bo'lmaydi, chunki ular va'daga xiyonat qilguvchi, hasad va bug'z bilan ichi to'lgan, har lahza sotishga tayyor nokaslardir. Ular uchun ular ahli taqvo, boshqalar johil; ular ma'sum va sofdil, boshqalar gumroh va razil.
Aynan ular o'zlari haqidagi haqiqatni ham, asl haqiqatni rad etguvchi va faqat nafsiga xush keladigan narsani izlaydigan to'dadir.
Nafsiga xush kelgan narsa maqbul; nafsiga xush kelmagan narsa mardud.
Mug' dayri ularning xonaqohidan afzal. Mug' zohiran majusiylar ibodatxonasi, ammo majozan u chinakam Haq oshiqlari dargohidir.
U yerda tavbakor va nadomatkorlar yig'ilgan.
Ularning qalblari gunohlaridan mahzun; o'z nafslari oloyishidan g'amgin; Haqning rahmatidan sof; Haqning g'azabidan xavf his etganlardir.
Ular odamlarni muhokama etmaslar; ular butun olamda Haqning sifatlari tajalliysini ko'rarlar. Ular uchun Haq boqiydir. Haqning amirini bajarmoq Haqqa bo'lgan ishq izhori; sevgi maktubi; vasl oni; Haq amridan uzoqda qolish ruh uchun azob, abadiy baxtsizlik, mangu iztirobdan bir parchadir.
Bu sirlardan xabarsizlar insonlarning amallariga qarab ulardan nafrat etadilar; Haqning rahmati xarobalarga nur kabi tushishiga munkirdirlar.
Ular bilan ahd qilma, ular do'stlikka xiyonat qilguvchidirlar. Yaxshisi, mug' dayrida may tutganlar bilan bo'l! Ular g'arib, ular bechora, olamda g'ariblik va chorasizlikka taslim bo'lishdek yaxshi ne ish bor!