← Barcha maqolalar

Ushbu matnda eskilarning, yana ham aytsak, ma’rifatli oilalarning tarbiya uslublari…

Maqola · 2 daqiqa o‘qish

Ushbu matnda eskilarning, yana ham aytsak, ma’rifatli oilalarning tarbiya uslublari haqida aytib bermoqchiman. Agar farzandlaringiz tiniq fikrli, fahm-u farosatli, o‘zaro mehrli hamda ahil-inoq bo‘lishini istasangiz, ushbu qoidalarni mahkam o‘zlashtirib oling va amalda qo‘llang:
1. Hech qachon bolalaringizni yerga urmang. Sen eplolmaysan, lattasan, go‘lsan demang. Imkon qadar yaxshi so‘zlar bilan tarbiya qiling. Demak, bolaga tahqirli so‘zlar aytish mutlaqo va mutlaqo taqiqlanadi.
2. Hech qachon bolangizning ayb-u nuqsonlari haqida eng yaqin odamlaringizga ham shikoyat qilmang.
3. Bolangizni begonalar oldida ham, qarindoshlar oldida ham izzat bilan chaqiring, unga muloyimlik ila muomala qiling va ayni paytda erkalatib, taltaytirib yubormang, xato qilsa ham, jiddiylik va yumshoqlik bilan buni ayting.
4. Bolaga jazo berish zarurati tug‘ilsa, avval aybiga iqror qiling. U o‘zi anglashi uchun sharoit yarating. So‘ng u jazoga loyiq ekanligini tushunadi. Jazoda haddan oshmang. Ammo jazodan avval uch marta aniq va ravshan afv qiling.
5. Hurmatli onalar! Eringizga zarda qilib, bolangizga qattiq gapirmang, bu tarbiyasizlik va ahmoqlikdan dalolatdir.
6. Bola xato qilsa, undan nima xatoga yo‘l qo‘yganini o‘zi fahmlashi uchun harakat qiling. O‘zing o‘ylab ko‘r deyishni biling. Xafa bo‘lsangiz, buni ayrim belgilar bilan bildiring. U otamni yo onamni ranjitdim deb o‘ylashi, qaysi ishi bunga sabab bo‘lganligini fikr qilishi, afsuslanishi hamda uni o‘zidan tashabbus qilib to‘g‘irlashiga yo‘l bering.
7. O‘g‘il bola qat’iyatli bo‘lishi uchun unga qat’iyat talab qiladigan ishlar buyuring. Qiz bola nafosatli bo‘lishi uchun hamisha muloyim muomala qiling. Qiz bolaga ham, o‘g‘il bolaga ham otaning o‘zi ochiq gapirmagani, balki ona vositasida gapirgani ma’qul. Bu iyerarxiya tartiboti o‘ta muhimdir.
8. Farzandlaringizni oila sirlarini, o‘zining sirlarini mahkam saqlashga odatlantiring. Uning uchun sir bo‘lgan va siz biladigan narsalarni o‘zidan boshqaga, balki boshqaning oldida yuziga solmang, aytmang. Ayrim paytlarda o‘zaro sirlaringiz borligini ishora bilan bildirib qo‘ying: “O‘zing bilasan-a!” – shaklida.
9. Hurmatli ota-ona! Orangizda kelishmovchilik tug‘ilsa, hech qachon bir-biringizni bolangizga yomonlamang.
Bu tarbiya qoidalariga qat’iyan amal qilsangiz, sokin tabiatli, asabiylashmaydigan, sabrli, halim va viqorli, farosatli va tabiati pok farzandni ulg‘aytirasiz, inshaAlloh. Tabiiyki, bolangiz haqiga doimo duo qiling. Biror kuningizda bu duoni unutmang.
Bola tarbiyasi bilan bog‘liq ko‘p qoidalar bor, asosiy tuyulganlarini bayon qilindi.

Akrom MALIK

Кирилл ҳарфларида ўқинг!