Oila rahbari er deya uning vazifalariga ko‘p urg‘u berilishi adolatdan. Lekin erni…
Oila rahbari er deya uning vazifalariga ko‘p urg‘u berilishi adolatdan. Lekin erni asrab-avaylash xotinning bosh vazifasidir.
Er oilani ta’minlashi uchun sokin va xotirjam kayfiyatda bo‘lishi shart. Ovqatlari tayyor, kiyimlari yuvilgan, ozoda, tekislangan, poyabzallar yaltiragan. Xotin yana undan shirin so‘zlari va tabassumini ayamasin. Ana endi er har qanday jangga tayyor: u ko‘tarinki kayfiyat bilan ishlaydi, ishlari unumdor bo‘ladi, asabiylashmaydi, ishi tugagach, uyiga qarab shoshadi. Chunki uyda halovat bor.
Ammo aksincha bo‘lsa-chi?
Xotinning qovog‘i soliq, ovqatlar kechikkan, kiyimlar yuvilmagan, tekislanmagan; erning biroz jahli chiqsa, xotin undan qolishmay olishadi; achchiq-achchiq gaplar bilan dilini xufton qiladi; mayda muammolar bilan ko‘ndalang chiqaveradi; yana erning diqqatini tortish uchun soxta chigalliklar o‘ylab topadi. Bu bilan erni ushlab turaman deb fikr qiladi, xuddi u erni ushlash uchun yaratilgandek.
Bunday holda oilada notinchlik paydo bo‘ladi. Bora-bora erning yuragi bezillaydi. Xotiniga gapirishdan bezillaydi. Chunki xotin erning ko‘nglini ko‘tarish, uni shodlantirish o‘rniga doimiy zulmi va zahar tili bilan yalmog‘izga aylangan. Undan voz kechay desa, bolalari bor; qolaversa, erlik hamiyati xotindan voz kechishga izn bermaydi. Xotin esa istaganicha erning asabini egovlab, umrini qisqartiradi; biror marta erimga zulm qilmayapmanmi deb o‘ylamaydi, o‘zi bilib-bilmagan holda erning xorlab, qadrsiz qiladi.
Haqiqiy erkaklar xotinlar bilan kurashmaydi. Chunki xotinlardan g‘olib bo‘lish imkoni mavjud emas. Zotan, zaifalar bilan teng kelish mardlarga to‘g‘ri kelmaydi, buni anglamagan xotinlar esa avjga chiqib, erning nomini bulg‘ash va quturishdan to‘xtamaydilar. Eriga zarda qilgan, unga hatto ko‘zini olaytirib qaragan xotinlarga farishtalar ham la’nat o‘qir ekanlar. Ovozini ko‘targan va tarbiyasizlik qilayotganlarning holiga voy bo‘lsin.
Alloh bunday xotinlarni la’natlaydi va jahannamga o‘tin qiladi.
Albatta, oqila, fozila ayollar ham bor. Ular zimmalaridagi vazifani yaxshi bilishadi, chin dildan ado qilishadi, erning ko‘nglini xushnud etib, oilani halovat va baxt qo‘rg‘oniga aylantiradilar.
Ammo gender tengligi deya xotinlar huquqini himoya qilish haqida xabar topgan ayrim ojizalar bu vosita bilan erni tiyib qo‘yish, uni sindirish uchun foydalanishlari ham mumkin.
Haqiqat shulki, erlar qadr topmagan yurt xor bo‘ladi; hadsiz xotinlar sabab baxtsizlik olamni qoplaydi; er bo‘lsin, xotin bo‘lsin, o‘z haddini bilishi, zulmdan tiyilishi, turmush o‘rtog‘ini ayblamay o‘zini ko‘proq taftish qilishi maqsadga muvofiqdir.
Er ham, xotin ham oilada halovat bo‘lishiga intilishi lozim, ikkisi bir-birini avaylasin.
Ammo bugun xotinlar erini avaylash haqida mutlaqo o‘ylamay, aksincha, erimdan zo‘r kelaman deyotganga o‘xshaydilar, Alloh panoh bersin.
Erkaklar: "Xotinimni qiynab qo‘ymayapmanmi?" - desa, xotinlar: "Erimga mashaqqat tug‘dirmayapmanmi? Qanday qilsam, erimga yengil bo‘larkin?" - desa, olam guliston. Albatta, er uyiga qoqqan bitta mixini minnat qiladigan xotinlar badbaxtlikka mahkumdirlar.