← Barcha maqolalar

Ota-onalar va farzandlar oʻrtasida muayyan farqlar paydo boʻlgan davrda…

Maqola · 3 daqiqa o‘qish

Ota-onalar va farzandlar oʻrtasida muayyan farqlar paydo boʻlgan davrda yashayapmiz. Sobiq shoʻro davrida asl manbalardan mahrum etilgani uchun din-u diyonatdan uzoq yashagan odamlar muqaddas qadriyatlardan uzildilar. Istiqlol har bir insonga o'z e'tiqodini, hayot yo'lini erkin tanlash haqqi uchun yo'l ochdi. Butun insoniyat tan olgan, tarixda odamzod tutgan eng to'g'ri yo'l bo'lgan diyonatni istiqlol farzandlari aql va qalblariga quloq solib, kashf etmoqdalar. Bunda davlatning insonparvar hamda ma’rifatga suyangan siyosati alohida o'rin tutmoqda.
Hurmatli ota-onalar!
Bolangiz dinga qiziqib qoldimi? Namoz o'qishni istayaptimi? Qur'on o'qigisi kelyaptimi?
Siz oq-u qorani tanigansiz. Hayotda ko'p mashaqqatlar ko'rgansiz. Ilmli do'stlar va tanishlaringiz bor. Bu imkoniyatlaringizdan unumli foydalanishingiz kerak.
Ya'ni en avval, bolangiz bilan do'stona gaplashing. Qanday hissiyotlarni kechiryapti, qaysi ma'ruzalardan ta'sirlanmoqda? Kimlarni tinglayapti? Basharti, taqiqlangan shaxslarni eshitib yurgan bo'lsa, qo'rqmang, bola Sizniki!
O'zingiz avval biror ilmli inson bilan ko'rishib, undan din haqida so'rang, savollar bering va aniq, ishonchli ma'lumotlarni o'rganing.
Keyin bolangizdagi holatni bayon eting va uch kishi: siz, o'g'lingiz va ulamo ustoz ishtirokida ma'rifiy suhbat uyushtiring. Qur'on kursiga borsin, ruxsat etilgan kitoblar mutolaa qilsin, istagan savolini berishiga izn bering. Bolani sabr-toqat ila ulg'aytirdingizmi, bu yerda biroz toqatli bo'ling, natijada, siz ham din haqida bilib olasiz, ham bolangizni to'g'ri yo'lga solasiz.
Musulmonlar idorasining internetdagi platformasida dinimizga oid hamma savollarga javoblar bor, hecham ikkilanishga hojat yo'q.
Bu so'zlarni aytishdan murodimiz ota-ona va bola o'rtasidagi jarlikni yo'q qilish yo'lini topishdir. Bolangiz oila va turmush haqida sovet mafkurasidan farqli fikrlayotgan bo'lsa, mening aytganim bo'ladi demang, hamma muammoning yechimini hikmat ila topish mumkin.
Insonlar xotirjam va halovatda yashashga urinishlari kerak. Har bir odam o'zini bezovta qilayotgan muammoni to'liq o'rgansin. Aks holda, qiynalib qoladi.
Hurmatli yigitlarimiz va qizlarimiz, ba'zan ota-onalari ularga qarshi chiqsalar, nafslariga yoqmasa ham, sabr qilsinlar. Ota-ona diniy ilmdan bebahra bo'lsa-da, bolasiga bo'lgan muhabbat tufayli hayotidagi eng yaxshi tajribalar bilan harakatlanadi. Albatta, johil, haddan tashqari g'ofil, hech narsani tinglamaydigan ota-onalar bundan mustasno, lekin bundaylari kam bo'ladi.
Diyonat yo'lini tutayotgan yoshlar ota-onalarini mehr va xizmat ila xursand qilishsin. O'zlarini xor va bechora tutsinlar. Ota-onadan aslo norozi bo'lmasinlar. Mana shu eng to'g'ri yo'l. Kimki odamga sening ota-onang johil, ulardan yuz o'gir yoki ularga qarshi bo'lsa desa, eng katta va eng xavfli xato gapni aytgan bo'ladi. Xalqimizning ayrim odamlari din-u diyonatdan olis qolgan bo'lsa ham, qalbi va fitratida hidoyatga talpinish bor. Deyarli barcha ota-ona farzandini to'g'ri tushunadi.
Biz sabrsiz bandalarmiz. Muammoni hikmat bilan zararsiz usullar ila yechishni bilmaymiz, darrov kesib-chopgimiz keladi. Bizga nimadir tezda hosila bersa! Nimadir tezda bitsa! Yo'q, isloh uchun yillar kerak, sabr qilish va halim bo'lish malakasi bizga juda zarur.

Кириллчада ўқинг!