Ilm ahli soxta boʻlmaydi, Xudoning ilmi munosib boʻlmaganlarga berilmaydi.
Ilm ahli soxta boʻlmaydi, Xudoning ilmi munosib boʻlmaganlarga berilmaydi.
Haqning kalomi va Paygʻambarning soʻziga muvofiq hikmatlar kirli va nopok qalbdan chiqmaydi. Parvardigorning hukmi, Paygʻambarning yoʻliga uygʻun kalimalar tavbali qalblar, siniq nafslar va bechorahol qullardan keladi.
U kalimalar fahsh ma’nolar bilan qoraymagan, gʻiybat va tuhmat ila zaxalanmagan, fasod va fisq ila hidlanmagandir. Shul bois kimning soʻzlarida soflik va jumlalarida qalbingga malham ma’nolar tajalliysini topsang, ul inson haqida yomon gumonlar va iftirolarga e’tiboringni tashlama.
Qalb bir buloqdir. Undan Haqning hikmati suv boʻlib oqadi. U qalb egasida gunoh va ma’siyat paydo boʻlsa, ushbu buloqning koʻzlari yopiladi.
Xudoning yoʻlidan toyganning tili ham toyadi: u hashamdor jumlalar ila rabboniy hikmatlarga qarshi gapirayotganidan oʻzi xabarsiz qoladi. Soʻzlari qanchalik jimjimador boʻlmasin, mazmunidan rutubat ufuradi.
Nifoq ahliga hidoyatli soʻzlar aytish ne’mati berilmaydi.