← Barcha maqolalar

Oila qurishdan maqsad nima?

Maqola · 5 daqiqa o‘qish

Oila qurishdan maqsad nima?
Hamma buni biladigandek, lekin yoshlarimiz uchun eslatma sifatida qayd etib qo'yishni lozim
topdik.
Oila insonning fitriy talablaridan biridir. Inson ulg'aygani sari yolg'izlik hissini chuqurroq
his etadi. Kimgadir suyanish va yaqin bo'lish ehtiyojiga yo'liqadi. Oila qurish ana shu bo'shliqni
to'ldiradi: munosib qizga uylanish va munosib yigitga erga tegish bilan balog'atga yetgan yigit
va qizda butunlik tuyg'usi paydo bo'ladi. Aslida ham, bu ilohiy haqiqatni yuzaga chiqaradi: momomiz Havvo alayhissalom otamiz Odam alayhissalomning qovurg'alaridan yaratilganlar, er va
xotin o'zining umrlik yo'ldoshiga juftlashmaguncha o'zini yarim his qilaveradi.
Bundan kelib chiqadiki, oila qurish ruhiy va hissiy butunlikni asosidir, insonning dunyo
hayotida baxtiyor va xotirjam yashashining poydevoridir.
Ikkinchidan, jismoniy holat oilali bo'lishni talab qiladi. Jismda yuzaga keladigan muayyan ehtiyojlar faqat oilaviy halol munosabatlar bilan qoplanadi va bu insonning jismoniy
salomatligini ta'minlaydi.
Uchinchidan, nasl qoldirish maqsadi. Inson, Xudo nasib etsa, keksayadi, kuchdan ketadi, yosh o'tishi bilan g'amlar quyuqlashib, istiqbol tumanli tus oladi. Shunda inson uchun o'rinbosar, uni yaxshi ko'radigan, mehr-u muhabbat ila xizmatini qiladigan farzand kerakligini tushunadi.
Farzand ota-onaning zoti va sifatlarini o'zida jamlab, davom ettirib ketadi. Ota-onalar farzandlarining qiyofalarida yashayveradilar. Farzand ota-onani hayotlik chog'ida mamnun etib,
yorug' kunlarni hadya qiladi, olamdan o'tgach, haqqiga duo aylab, qabrlarini nurlar bilan
to'ldiradi.
Farzandlar ko'p bo'lishi kerak. Oilani rejalashtirish va falon nafar bola katta qilaman deganlar adashadi. Mehr-u oqibatli qilib ulg'aytirilgan farzandlar bir-birigi suyanch bo'ladi,
hayotning turli ofat-u mashaqqatlaridan birgalikda g'olib bo'ladilar. Yana qaytarish mumkinki,
bunda silai rahm o'ta muhim: bir-birini yaxshi ko'rish, bir-birini avaylash, bir-birining ko'ngliga
qarash, bir-biriga nasihat qilish va bir-birining sirlarini saqlash. Ba'zan jigarlarni o'zaro hasad va adovatda ko'ramiz: yutuqlaridan quvonish o'rniga kuyishadi; musibatlaridan
sevinishadi; bir-birlarini hecham do'st bo'lib tushunishmaydi, dilozorlik qilishadi; bir-birlari haqida faqat g'ashlik bilan, yomon fol-u gumonlar bilan gapirishadi. Bu yaxshi emas.
Hurmatli navqiron do'stlarim! Hayot uzoq davom etadigan safar. Bu safarda qiyinchilik va quvonchlar birga yuradi. Qiyinchilik og'riqli bo'lgani uchun ko'p, quvonch lazzatli bo'lgani uchun kam ko'rinadi. Tushkunlik onlarida, xastalik kunlarida, kambag'allik va yetishmovchilikda sizga yo'ldosh bo'ladigan, sirlaringizni sotmaydigan, nuqsonlaringizga sabr qiladigan juft zarur. Uylansangiz, xotiningiz tili zahar bo'lsa, sizni pisand qilmasa, sirlaringizni sotsa, salga xafa bo'lib, ketaman deb ko'chaga chopsa, talog'im ber deya vovullasa, qalbi dunyoga qul bo'lib, nuqul kerak-nokerak narsalarni sotib olgisi kelaversa, yaqinlaringizni yomon ko'rsatib tursa,
bolasidan sizni bog'lab turadigan sirtmoq sifatida foydalansa, bir umr baxtsiz yashaysiz. Bu
o'rinda xotinning chiroyi bir tiyinlik foyda bermaydi, aksincha,chiroy uni ajinaga aylantirib qo'yadi.
Qizlar, sizlar maydagap, dangasa, xotinchalish, xotinining sirini onasiga va boshqalarga aytadigan, dunyosevar, ishratparast, yolg'onchi, ikkiyuzlamachi, so'zida tayini yo'q, qaror qabul
qila olmaydigan yigitga tegsangiz, bir umr sarson-u sargardon bo'lasiz. O'sha onlarda ul
yigitning ko'rkamligi yoki otasining boyligi yoki o'zining mol-davlati ahamiyat kasb etmaydi.
Eng qizig'i, siz bir tuyur aqlingiz bilan hali odam tanimaysiz, yaxshi-yomonni ajratmaysiz,
do'st-dushmanni farqlamaysiz. Hayotda zarur bo'lgan insoniy sifatlardan xabaringiz yo'q. Shunday ekan, hurmatli qizlar, ko'chada o'zini sipo va taqvodor ko'rsatgan yigitni; ey yigitlar, o'zini taqvodor qiyofaga solgan, aqlli gaplarni yodlab olib, ovozini charxlab, hiqqilab nozlanib gapiradigan, yolg'ondan yerga qarab, iffatlini yoqib olgan soxtakor va makkora qizni
tanimaysiz.

Кириллчада ўқинг!


Ovozdastakni hech kim bermayotgan "oilashunoslar" podkastlarda o'tirib olib, to'rt soat gaplashing va bir-biringizni o'rganing deya berayotgan degredativ maslahatlariga amal qilib ham hech narsaga erishmaysiz. Hatto, biz kemada safarga chiqyapmiz, yarim yo'lda bir-birimizni tashlab ketmaymiz deb ahdlashib olsangiz ham foydasiz.
Chunki so'z boshqa, amal boshqa. Insonning sifati va tarbiyasm ish paytida o'zini ko'rsatadi.
Chiroyli vaqillagan qurbaqadan nimani kutish mumkin? "Men mundayman, undayman", — deb ovozini suzayotgan "qiz" ertaga sal ovozingiz ko'tarilsa, dodlab onasinikiga yugurib, sizga
ming tuhmatni yog'dirishdan toymasligi mumkin. Yoki men mana shunday ovliyodan deb turgan yigit sal injiqlansangiz, sizda battar ezmalanib ketishini ko'rasiz. Shunday ekan, gap ota-onada qoladi.
Hurmatli ota-onalar, taqdir ishini bolalarga qoldirmangizlar. Sizlar hammani yaxshi bilasiz.
Odamlarni taniysiz. Kishilarning nasl-nasabidan, hayotidan. ko'rsatgan hunar va o'yinlaridan,
axloq-u fe'lidan xabaringiz bor. Onasini ko'rib, qiz ol deyishadi. Qazisan, qartasan – asl
naslinggga tortasan deyishadi. Bola, baribir, ota-onaning sifatini takrorlaydi. Shuning uchun, eng avval, mahalladan bolangiz uchun juft izlangizlar. Yaxshi qiz mahalladan chiqmaydi deyishadi. Yaxshi, insofli oila bo'lsa, qo'ldan chiqarmangizlar. Kelin bo'lsin, kuyov bo'lsin, yetti naslini surishtiringizlar. Kuyov bilan obdon suhbat qilib, aqlu farosatini tekshiringizlar,
ish joy va o'qish joylaridan qiziqib ko'ringizlar. Ana shunday tekshiruvlardan yaxshi o'tgan, mas'uliyatli, jiddiy va aqlli bolalarni kuyov qilingizlar.
Bu gaplarimiz, aslida, katta kitob bo'ladi. Oila haqida to'g'ridan-to'g'ri oyat va hadisdan hukm
chiqarib olish murakkab. Masalaga hikmat ko'zi bilan qarash kerak.
Bu gaplarning hammasi oila qurishgacha bo'lgan masalalar edi. Oila qurilgach, nimalar bo'ladi,
nimalar qilish kerak – endi u boshqa bobning mavzusi.

Кириллчада ўқинг!