← Barcha maqolalar

Oʻgʻilni uylantirish, qizni uzatish – ota-onaning ishi.

Maqola · 2 daqiqa o‘qish

Oʻgʻilni uylantirish, qizni uzatish – ota-onaning ishi.
Buning ichiga balogʻatga yetgan oʻgʻilga qiz izlab topish ham kiradi. Ota-onalar oʻgʻillari uchun bir umrlik hamrohni oʻzlari tanlab bersinlar. Buning uchun matonatli, mehnatkash, sadoqatli, iffatli qizni kelin qilaman deya boʻlajak kelinchakning xulqlarini shakllantirishsin. Oʻqigan, ishlab pul topadi emas, hayoli, ma’rifatli, oilaparvar, roʻzgʻorsevar, itoatli qiz kerak deyishsin.
Qizlarga ham kuyovni ularning oʻzlari emas, ota-onalari tanlashsin.
Oʻgʻlim, falon qiz bilan gaplash, koʻnglini top, keyin biz boramiz degan gaplar xato. Unday boʻlmaydi. Kattalar bosh, kichiklar yonbosh boʻlsa, kelinlikka nomzodni mahalla-koʻydan surishtirib, yetti pushtigacha tekshirib, qat’iyan kelin qilamiz deya xonadonga borish va qulchilikka keldik, ostonangizni supurgani keldik deyish shart. Hamma talablarga javob beradigan nomzod kelin uchun har qancha qulchilik qilib, har qancha ostona supursa ham, arziydi. U qiz uchun har qancha qalin va har qancha mahr kam.
Lekin qizni koʻchada topilgan oʻyinchoqdek koʻchadan topish, hayotning “h”sini bilmaydigan bolakaylarga oʻzingga xotin, er top deb tashlab qoʻyish ulkan va ulkan nuqsondir!
Aziz ota-onalar!
Eskilarning yoʻliga qaytaylik: bolalarimizni koʻchaga tashlamaylik-da, oʻzimiz ega chiqib, oʻzimiz uylab, joylab, uzatib, chiqaraylik. Aks holda, ikki tajribasiz xomning iskashib qurgan oilasi zaif boʻladi, tezda buzilishi xatari katta, Alloh saqlasin!
Hurmatli “oilashunoslar”!
Albatta, falonday juft top deb podcastlarda aql boʻlish oson, undan koʻra ota-onalarni mas’uliyatga chaqiraylik va kelinlarni qaynona tarbiyasini olishga da’vat etaylik. Agar eski rishtalarni tiklamasak, eski rishtalarga bogʻlanmasak, choʻkib ketamiz, ahvolimiz ertaga bugungidan ming battar boʻladi.

Kirillchada oʻqing!