← Barcha maqolalar

Insonning ulg'ayishi bosqichma-bosqich kechadi. Avval u bitta xatosini anglaydi…

Maqola · 2 daqiqa o‘qish

Insonning ulg'ayishi bosqichma-bosqich kechadi. Avval u bitta xatosini anglaydi, qiynalib tuzatadi; keyin ikkinchi nuqsonini kashf qilib, uni yo'qotish uchun intiladi. Odamning bir aybdan qutulishi tezda bo'lmaydi: og'riqli, kurashli, ko'zyoshli o'tadi.
Goho qayta-qayta urinish ham kutilgan mevani bermaydi.
Avval chaqaloq, keyin bola, keyin go'dak, keyin o'smir, keyin o'spirin, keyin yigit, keyin kishi, keyin qari, keksa deb atalishimiz bejiz emas. Har bir bosqichning o'z xususiyatlari bor: chaqaloq yig'laydi, hech narsani tushunmaydi; ovqatlanishdan, yuvinishdan bexabar va hokazo. Bola ishtonini kiya olmaydi, savol beradi, yuguradi, yiqiladi; go'dak hamma narsaga og'zini ochib qaraydi, savol beradi, qiziqadi; o'smir havolanadi, jahl qiladi, asabiylashadi, aldashga harakat qiladi, hammadan norozi; o'spirin o'ziga haddan oshiq ishonadi, hech kimni mensimaydi, hammadan xato topadi, hadeb gapirishni sevadi, o'zini ko'z-ko'z qilishga tirishadi, o'zini yaxshi inson va komil qilib taqdim etishga urinadi; yigit o'z kuchini his etadi, bosiq bo'lishga tirishadi, hayotning qiyinchiliklarini asta tushuna boshlaydi, so'zlarini o'ylab aytishga harakat qiladi, mas'uliyat bilan yashashni o'rganadi; kishi bosiladi, vazmin tortadi, har xil orzulardan voz kechadi, dovdirlik, qiziqqonlik va kaltafahmlikdan uzoqlashib boradi; keksa, qari endi shoshilmaydi, oxiratni o'ylaydi, oilasining kelajagi haqida qayg'uradi, yoshlarga o'z tajribalarini yetkazib, ularni turli balolardan himoyalashga kuchini sarflaydi va hokazo.
Odamning ulg'ayishi taxminan mana shunday zinapoyalar bo'ylab sodir bo'ladi.
Ko'plab yoshlar o'zini biror natija sohibi, aqlli, hamma narsani tushungan, gunohlariga tavba qilgan, hayotini izga solib olgan shaxs sifatida ko'rsatishadi, holbuki, hammasi yasama pardoz, ya'ni dekor. Bu hol ularning go'dak zehniyatida ekanligining isboti, ya'ni infantil mentalitet.
Odamni nasihatdan ko'ra azob va uqubat o'stiradi. Nasihat va o'gitlarga quloq osmagan, o'zimbilaman deganlarni o'z holiga tashlashga majburmiz: ularni shu hollarida juda ham katta uqubatlar kutyapti, iztiroblar ularga intizor. Nachora, shunday qoqilish, peshonaning devorga urilishi unga yozilgan ekan-da, osh bo'lsin demakdan bo'lak ilojimiz yo'q.
Lekin ayrim yoshlar ichki his va salohiyat bilan o'zining hech kim ekanligini topadi. Maktab ochadimi, kompaniya egasi bo'ladimi, chetdan mol olib kelib sotadimi, PhD yoqlaydimi, men hech kimman deb yashaydi. U yo'lboshchi topib, unga bo'yin egadi; chunki ustoz unga nasihat qilib turadi, ana shu nasihat unga yo'lning xaritasi sifatida xizmat qiladi: endi u balo-ofatlarni, choh va chuqurlarni ko'rib, ularni chetlab o'tadi va murod-u maqsadiga shikastlarsiz yetadi.

Akrom MALIK