← Barcha maqolalar

Xodimlarning juz’iy kamchiliklari odatiydir. Ya’ni ishga kechikishi, topshiriqlarni…

Maqola · 1 daqiqa o‘qish

Xodimlarning juz’iy kamchiliklari odatiydir. Ya’ni ishga kechikishi, topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarmasligi, unutuvchanligi.
Darhol ularni qattiq koyishga, jiddiy so'zlar bilan ayblashga shoshilmang.
Rahbar bu kamchiliklarni tuzatishga yordam beradi: lozim bo'lsa, har safar eslatadi, nasihat qiladi, lekin xodimdan voz kechish haqida o'ylamaydi.
O'zida tuzalish istagi bor bemorning shifo topishi oson bo'lganidek, o'sishni istagan xodim ham tanbehlardan to'g'ri xulosa chiqarib, malakasini shakllantirib boradi. Yillar va yo'llar odamni tarbiyalaydi.
Oilada ham shunday: bizga tobelarga shafqatsizlik qilmaylik, ularni ehtiyotlab, sindirmay kamolga yetkazaylik. Kattalarimiz qattiqqo'llikda haddan oshirgandek tuyulsalar, haqlariga duo qilaylik, norozilik bildirmaylik va bizga aytilgan nuqsonni ketkazish haqida bosh qotiraylik.
Ba'zan uzoq vaqt, hatto umrbod boshqa odamlarning kichik xatolariga ko'z yumib yashashimiz kerak bo'ladi, axir, o'z ayblarimiz va gunohlarimizga chidab, kechirib, bahonalar topib yashab yuribmiz-ku! Yolg'on, xiyonat, sotqinlik, haromxo'rlik boshqa masala, bunday illatlar o'z egasini siz va bizning aralashuvimizsiz ham oyog'idan tortib botqoqqa olib tushadi va shu botqoqqa cho'ktirib yuboradi.
Biz o'zimizning kamchiliklarimizni tuzatish haqida fikr qilaylik, yonimizdagilarni tushunishga va kechirishga urinaylik, ajabmas, yaxshi bo'lib ketsa!

Akrom MALIK