← Barcha maqolalar

Iymon egasiga ilhom Xudodan keladi. Hayot haqida, insonlar haqida, goʻzallik va…

Maqola · 3 daqiqa o‘qish

Iymon egasiga ilhom Xudodan keladi. Hayot haqida, insonlar haqida, goʻzallik va umuman hamma narsa haqida qalbda paydo boʻladigan fikrlar Xudodan nur kabi qalbga ato etiladi.
Bunday yorugʻ fikr va xulosalarning idrok va shuurda paydo boʻlishi rahmoniy iltifot ekanligini bilish uchun ushbu belgilarga qarash lozim:
1. Paydo boʻladigan fikrlar shariatga zid, gunoh ishlar natijasida kelmasligi kerak.
2. Aroq, koʻknori yoki shu kabi aqlni oluvchi narsalar iste’molidan soʻng quyilib keladigan fikrlar qanchalik chiroyli ifodada yangramasin, kelish quvuri nopokligi sababli qabul qiluvchilarda hech qanday yaxshi ta’sir uygʻotmaydi, yaxshilik sari oyoqlantirmaydi.
3. Fikr va hikmat ichki olamning, taxayyulning mevasi ekan, bu ishga shaylanishdan avval hamd, tasbih, istigʻfor, salavot aytish ichkarini bir qur yuvib olishdir.
Hech qanday fikr va ilhomning kelmasligiga gunohlar koʻpayib ketgani ham sababdir.
Insonning kirligi nafsning hayvoniy istaklaridandir. Hayvoniy istaklar shahvat va gʻazabni orttiradi. Shahvat va gʻazab qalbni parda boʻlib toʻsadi. Qalbga tushadigan hikmat nuri mana shu pardaga urilib qalbga yetib bormaydi. Qalbga bormagach, tilga chiqmaydi.
Qalb buziladi ham. Qalbning buzilishi goʻshtning buzilishi kabidir. Goʻsht qanday aynib, qurtlab, chirisa, qalb ham shunday holga tushadi. Qalb aynigach, u botil va harom narsalarni, shayton va kofir jinlarga xush keladigan ishlarni sevadi. Shu sababli ayrim shoir va yozuvchilar juda irkit va jirkanch narsalarni mehr va sevgi ila erinmay yozadi.
Aynigan goʻshtni tuzatish mahol boʻlganidek, qalbni tuzatish ham maholdir.
Qalbning ichida aql, fuad, idrok, shuur, suvaydo kabi narsalar bor. Aynishdan soʻng bularning hammasi halok boʻladi. Ularni tiriltirish mashaqqat boʻlib qoladi.
Illo, qalbni tuzatadigan narsa uzoq vaqt undan nafs oloyishini uzishdir. Oloyish – bu balchiq, bulgʻanish demakdir.
Nafsning oloyishi u azobga tushganida toʻxtaydi. Nafsni oʻz ixtiyoring ila rozi boʻlib azoblay olmasang, qalbing tuzalmaydi.
Xastaning kasbi tabib boʻlsa ham boshqa tabib muolajasiga muhtoj qolgani kabi nafsni inson mustaqil shaklda tuzata olmaydi. Nafsni boʻysundira olmaydi. Unga bir murshidning tarbiyasi kerak.
Murshid degani muridni tark etmaydigan va undan botin va zohirda xabar oladigan, muridi xastalansa, shaxsan oʻzi bevosita muolaja qila oladigan karomat va muhabbat sohibidir.
Kimki men ustozga yoki murshidga muhtoj emasman desa, u yolgʻonchidir.
Murshid tanlashning shartlari bor. Koʻringan pirni murshid tutilmaydi. Murshidning tasarrufi va ichki quvvati oʻta komil boʻlmogʻi kerak.
Murshid tanlash shartlari alohida ilm. Biz esa qalb xastaligi haqida gapiryapmiz.
Nafs itoatga keltirilgach, u it kabi irillamaydigan holga tushgach, qalb uning kasofatidan qutuladi. Jigar oʻzini oʻstirib tiklagani kabi qalb oʻzini tiklay boshlaydi. Avval uning qoq oʻrtasidagi lub, keyin uni oʻrab turgan fuad, uni oʻrab turgan idrok, uni oʻrab turgan shuur, uni oʻrab turgan aql, uni oʻrab turgan suvaydo va nihoyat qalb sihhat topadi. U poklanadi. Yaltiraydi. Unga Parvardigorning sifatlari va zoti tajalliy qiladi. Endi bu mutlaq boshqa maqomdir. U alohida hikoya…

Toʻrtlik:
Jonsiz yotgan qalbimning boshida koʻzyosh toʻkdim,
Yurish uchun yoʻlimga qanchalar bardosh toʻkdim.
Nadomatning daryosi vujudim gʻarq ayladi,
Yo Rab deya hayqirdim, koʻzimning yoshiga choʻkdim.