Yiqilganingda tur deydigan odaming bormi?
Yiqilganingda tur deydigan odaming bormi?
Qaygʻu seni egallab olganida hammasi yaxshi boʻladi deydigan-chi?
Seni zulmatlardan chiqarish uchun chin dildan kurashadigan kimdir mavjudmi hayoting sahrosida?
Bayramlarda osh yeydigan; birga qahva ichadigan; ishi tushsa yoʻqlaydigan; qarz soʻraydigan, yordamlaringdan ishtaha ila istifoda qiladiganlar emas, sen uchun gʻam chekadigan, hamdard boʻladigan hech kas bormi?..
Katta ehtimol bilan YOʻQ degan javob aytasan. Chuqurroq oʻylasang, shafqatsiz javob shu.
Bor deb oʻylayapsanmi? Borlarning iz qoldirmay ketishlariga hayotning oʻzi guvoh qiladi seni.
Shul bois, atrofingni toʻldirgan shishadoshlaringga ishonma, ya’ni ularga suyanaman deb oʻylama. Senga suyanishlariga izn berishing mumkin, lekin ularga suyanma. Suyanma, yiqilib tushasan. Tutib qoladigan odaming yoʻq bu olamda.
Agar boʻlsa… demak sen ham, u ham insoniyat ichida oʻta noyob, haddan tashqari noyob toifadansizlar. Sizlarning qiymatingiz yoʻq.
Qolganlarning hammasi erigan ma’danning koʻpiklari boʻlsa, siz ma’danning oʻzisiz. Lekin bunday boʻlishi uchun sadoqat, yillar va sinovlar kerak.