← Barcha maqolalar

Ulug'larning shunday o'giti bor: "Komil xulqlarni o'n qismga boʻlsak, toʻqqiz qismi…

Maqola · 3 daqiqa o‘qish

Ulug'larning shunday o'giti bor: "Komil xulqlarni o'n qismga boʻlsak, toʻqqiz qismi tagʻofuldan iborat”.
Tagʻoful – bilib-bilmaslikka olmoqdir. Ya’ni atrofdagi insonlarning xatolari, johilona xatti-harakatlarini koʻrib, koʻrmaslikka, bilib, bilmaslikka olasiz. Ulardan koʻz yumasiz.
Buning bir qancha sabablari bor. Ayrimlarini keltiramiz:
1. Insonga xatosini aytsangiz, hamisha ham uni toʻgʻirlamaydi, balki oʻrtada noqulay vaziyat yuzaga keladi.
2. Xato johillikdan yoki ojizlikdan sodir boʻlayotgan boʻlishi mumkin. Johillik, ya’ni bilmaslik sababli qilingan xato ilm bilan barham topadi. Ojizlik bu oʻzini idora qila olmaslik, gʻazab yoki hissiyotga yengilishdir. Insonlarning hammasi ham gʻazab va hissiyotni yengishga qodir emas. Demak, bu yerda muolaja gʻazab va hissiyotni yengishga yetadigan ichki bir quvvat hosil qilishdir. Bunday quvvati yoʻq odamga dakki berish ayni paytda toʻgʻri boʻlmaydi.
3. Inson nasihatni qabul qilmogʻi uchun ikki holat yuzaga chiqishi kerak: 1) nasihatga muhtojning qalbi erib, nafsi siniq holda boʻlishi kerak, shunda uning qulogʻiga gap kiradi, oʻylaydi; 2) nasihat qiluvchi kuchli ta’sir sohibi boʻlmogʻi shart, u nasihat qilishning eng toʻgʻri va qulay usullarini qoʻllashda mohir boʻlsin. Shunda nasihat meva beradi, yoʻqsa, soʻzlar behuda ketadi.
4. Ayrim insonlar mutlaqo johil va maraz boʻlib, ular muqaddasotlarni mensimaydilar, shul bois ularga hech qachon ma’noli soʻz aytilmaydi; mol va eshakka “chuh” hamda “ishshsh” yoki “ixxx” degan soʻzlar kifoya qilganidek, unga u biladigan lugʻatda gapiriladi. Imkon boʻlishi bilan bunday marazlardan qochib, uzoqlashiladi.
5. Nasihat uzun soʻzlar bilan emas, mehr va muhabbat, amal va ibrat bilan koʻproq hosil beradi. Kimnidir tuzatishni istagan shaxs oʻsha odamga mehr berishi, uni kechirishi va xatosini oʻzi anglashi uchun vaqt berishi lozim. Yo Haq, ajabmas, natija boʻlsa.
Har bir yaxshi narsa sabr ortidan keladi. Johillarga sabr sizni ham, ularni ham koʻp ovoragarchilikdan xalos etadi: siz soʻzni isrof qilmaysiz; u sizga e’tiroz bildirmaydi.
Darvoqe, dilingizni ogʻriqlardan, kayfiyatingizni tushib ketishdan saqlayman desangiz, harakat qiling: sizni xafa qiladigan joydan, odamlardan chin qalbdan uzoqqa keting; sizni ranjitadigan soʻzlar aytilmasligi uchun intiling; eng asosiysi, yomon oʻylarni haydab yuboring. Oʻzingiz uchun sokin va xotirjam muhit hosil qiling.
Shoyad, shunda axloqimiz himoyalansa; sihhatimiz omon qolsa; koʻngillar qon, oʻzimiz xafaqon boʻlmasak; aks holda, quvvatimiz ketadi, bahosiz daqiqa va nafaslarimizni foydasiz janjal, dilxiralik va qaygʻuga sarflab yuboramiz.
Gʻiybat, oʻzgalar hayoti, ishi, gunohi, savobi, yutuq va magʻlubiyatlari suhbatimizni kirlamasa, nur ustiga nur boʻlur edi. Oʻz hayotimiz shu qadar tartibli boʻlib qoldimi, ki boshqalarni muhokama aylasak?!
Imkon qadar, xushnud yashaylik, azizlarim.