Ketsang, rozilik olib ket. Kimdan qarzdor bo‘lsang, albatta, uni rozi qil…
Ketsang, rozilik olib ket. Kimdan qarzdor bo‘lsang, albatta, uni rozi qil. Qarzdorlik deganda ma’naviy qarzni ko‘proq nazarda tutilmoqda.
Senga ilm bergan, hunar o‘rgatgan, og‘ir kuningda bag‘riga bosgan, yaxshilik qilgan, qay shaklda va qancha miqdorda bo‘lmasin, senga madad qo‘lini uzatgan inson sendan afzaldir.
Qonuniyat shu.
Sen undan qarzdorsan.
Shunday qarzlar borki, koinotni sotib, pulini bersang ham, uzilmaydi. Balki uning haqqi ko‘ngilning ichida. Qalbda.
"Mendan rozi bo‘ling, bergan non-tuzingizga rozi bo‘ling. Ilmingizga, mehr-u muhabbatingiz uchun rozi bo‘ling. Biz loyiq bo‘la olmadik, qoshingizdagi qarzimni hech qachon uza olmayman", – deb qo‘y. Shunday deyishni bil. Bu gaplar haqiqat ekanligini chin dildan angla va so‘ng tilingga chiqar.
Bo‘tam, ko‘ngil – Tangrining nazargohi. Haqqi senga o‘tgan odamni rozi qilmay turib, kosang oqarmaydi. Senga haqqi o‘tgan odamning qalbida ozgina bo‘lsa ham ranj bor ekan, o‘sha ranj seni hech qachon qo‘yib yubormaydi.
Bo‘tam, kimgadir egilib, qo‘lini o‘pdingmi, kimdandir qarzdorlik his qildingmi, oq fotihasini ol, duosini ol va hamisha yo‘qlab tur.
Bu sen uchun juda katta iqbol va istiqbol eshiklarini ochadi, inshaaAlloh. Shubhasiz.