Maktabning vazifasi faqat ta’lim bilan cheklanishi biryoqlama natijaga olib keladi…
Maktabning vazifasi faqat ta’lim bilan cheklanishi biryoqlama natijaga olib keladi. Tarbiyani uygʻunlashtirish degan gap ham mujmaldir.
Ta’lim va tarbiyaning maqsadi aniq shaklda belgilab olinishi shart.
Bola ertaga katta odam boʻladi.
Bola ertaga uyning, sulolaning, pirovardida, jamiyatning egasiga aylanadi.
Bola hayot maydonida qanday harakat qilishni bilishi kerak.
Yaxshi va yomonni, oq va qorani, past va balandni ajrata olishi kerak.
Bola olamda yovuz, ayyor, soxta, qat’iyatsiz kaslar borligini bilishi lozim.
Bola nafs va shaytondan keladigan yomonliklardan ogoh boʻlmogʻi shart.
Bola koʻngilni ogʻritmaslikni, sadoqatni, tafakkur va tadabburni, jasorat va qoʻrqmaslikni oʻrganishi darkor.
Bolaning qoʻliga hayotning xaritasi berilishi, undan qanday qilib foydalanish oʻrgatilishi kerak.
Bolaning yarim kuni maktabda kechadi.
Bolaning butun koinotdagi tillolardan qimmat vaqti maktabda oʻtadi.
Ammo u maktabni bitirganida hayot haqida hech narsa bilmaydigan boʻyi baland, ovozi doʻrillargan bir zehniyat sifatida namoyon boʻladi.
Eng qizigʻi, u maktabni bitirganda murosa, hikmat, vazminlik, mas’uliyat, ishlarning oqibati haqida oʻylay olmasligi uning hunarsiz va dangasa, betgachopar va oʻyinqaroq ekanligi bilan proporsional keladi.
Yana u durustgina yolgʻonchi, durustgina makkor hamdir.
Maktab faqat ta’lim bersa, hatto tarbiyani bersa ham maqsad hosil boʻlmaydi.
Maktab ODAM yetishtirib bersin.
Harflar, raqamlar yoki formulalar, voqealar yoki yillarni yodlagan vunderkind emas, balki ODAM ulgʻaytirsin.
Bu odam hayotda yashash nima ekani haqida, hech yoʻqsa, dastlabki ma’lumotlarning egasi boʻlsin.
Qoʻlida 3 – 4 ta hunar boʻlsin.
18 yosh bu goʻdaklik emas, harqalay.
Aks holda, maktablar oʻz vazifasini bajara olmaydigan, shunchaki, bola umrini isrof etuvchi, uning 12 yilini tutqunlikda ushlab turuvchi joy boʻlib qolaveradi.