Eng to‘g‘risini topish – mashaqqat. Ishonaver, shunday.
Eng to‘g‘risini topish – mashaqqat. Ishonaver, shunday.
Qalbi uyg‘oq va idroki teran inson hech qachon yolg‘onlarga ko‘nmaydi. U hamisha haqiqatni istaydi. Adashib, uloqib yursa-da, haqiqatga qaytadi.
Hayotda muayyan qonuniyatlar bor. Ularni kashf etish va shu asosda umrni o‘tkazish – ana shu maqsaddir. Bu kashflar seni himoya qiladi: dunyoda sharmandagarchilik va xorlikdan, oxiratda jahannamdan.
Sen ul qonuniyatlarni ikki marta yashasang ham topib, anglab, oxiriga yeta olmaysan, illo ustoz rahnamoligida hammasiga erishasan.
Ustoz o‘zidan avvalgilarning ilm atalgan omonatini ichiga solib olgan zotdir. Ustozning shu turishi qirq qaroqchining g‘ori kabi. "Sim-sim! Eshigingni och!" – desang, bu g‘or ochiladi.
"Sim-sim!" degan tilsimdan murod – ustozning kalitini top, uning tilidan durr-u gavharlar yog‘ilishini istasang, gapga sol, xursand qil.
Ma’no boyliklari har kimga talabiga yarasha beriladi. Oziga ko‘nsang, ozgina. Ko‘piga ko‘nmasang, yana ham ko‘proq.
Kibr va jahl, g‘aflat va badgumonlik ma’no durlarini olishdan seni to‘sadi. Sen ko‘rgan narsa sen ko‘rgandek bo‘lmasligini, eshitganing eshitganingdek emasligini ham anglash uchun fahm ko‘zing ko‘rmog‘i lozim.
Yoshlar, yaxshi ustoz topsangiz, qo‘yib yubormang. Daryoda oqib ketarkansiz, sizga tashlangan arqonni qo‘yib yuborasizmi hech?!