← Barcha maqolalar

Internetda ota oʻgʻli bilan doʻst boʻlsin degan fikr eshitdim. Qat’iyan xato fikr.

Maqola · 3 daqiqa o‘qish

Internetda ota oʻgʻli bilan doʻst boʻlsin degan fikr eshitdim. Qat’iyan xato fikr.
1. Otadan koʻra yaqin doʻst inson uchun yoʻq. Uni izhor qilishga va bildirishga ota majbur emas.
2. Otaning maqomi ulugʻ, u oʻz pushtidan boʻlgan goʻdakka doʻstligini bildirishiga ehtiyoji yoʻq.
Ota bolasiga senga doʻstman, seni yaxshi koʻraman deb aytishining zararlari:
1. Otaning haybati ketadi.
2. Bola otani kuchli vas sirli emas, oddiy va zaif deb bilib, suyana olmay qoladi.
3. Bola, baribir, boshqalar bilan doʻstlashib ketadi, chunki doʻstlik tenglikni taqozo qiladi. Ota va bola teng boʻlmaydi.
Ota oʻz nomiga mos OTA boʻlib qolishi kerak. Buning uchun u qiladigan ishlar:
1. Nazorat. Bola hamisha nazoratni his qilsin. Oʻzboshimcha, oʻzibilarmon boʻlmasin.
2. Ota gʻazabda haddan oshmasin. Bola xato qilsa, ikki karra kechirilishi va uchinchi safar albatta, jazolanishi SHART. Buning uchun bola avvaldan ogohlantirilishi, keyin esa ishi ayb ekanligi tushuntirilishi lozim.
3. Nasihat. Bolaga yoqsa, yoqmasa, unga doimiy ravishda muayyan oraliqlarda nasihat qilib turish shart. Faqat nasihat mijgʻovlikka aylanmasin. Hayotiy, jonli, qiziq.
4. Bolaga 6 yoshdan 10 yoshgacha ilm ber. Bu yozish, oʻqish, hisob, Xudoni tanish ilmi. Bu davrda bola uchun oʻyin soati boʻlishi kerak. Har kuni 1– 2 soat. Muayyan kunlarda koʻproq.
5. 10 yoshdan hunar oʻrgatmoq kerak. Kosiblik, ta’mirlash va shu kabilar.
6. 16 yoshdan boshlab ayrim masalalarda fikrini soʻrash, xato boʻlsa, toʻgʻirlash, toʻgʻrilarini olish lozim.
7. Bolaga 6 – 7 yoshidan boshlab ishonchli ustoz topish kerak. U tahsili uzoq davom etadigan ilm berishi, jarayonda tarbiyaga hissa qoʻshishi kerak. Ustoz halol, pokiza, sinovlardan oʻtgan, oilali, oilasida muammosi yoʻq, nasabi yaxshi inson boʻlmogʻi SHART.
8. 17 yoshdan oʻgʻilni mahallaning oshlariga birga olib chiqish, muhim ishlarni ishonib topshirish kerak.
9. Bolaning tuygʻu va hissiyotlariga haddan ortiq diqqat qilinmaydi.
10. Bolaning kiyimlari eskiguncha kiydiriladi, ovqat loyiq beriladi va qoldirmay yediriladi – 3 yoshdan.
11. Bola haddan oshiq erkalatilmaydi, yaxshi ishlari oz-ozdan, me’yorida maqtab qoʻyiladi.
12. Bolaning 24/7 vaqti qat’iy kuzatilib, ota uning qayerda nima qilib yurganini bilishi SHART.
13. Bola hech qachon foydasiz va zararli ish bilan qoldirilmasin.
14. Bolani soʻkmang, haqoratlamang, xatosi uchun yerga urmang va boʻshanglik ham qilmang.
15. Sport bilan barqaror shugʻullansin.

Shunday qilib, bola ulgʻaygach, yaxshi bir shakl olishiga umid bor va u otasining ishlaridan minnatdor boʻladi va otaga muhabbatli qoladi.
Bolaga bir qarichligidan doʻstligimni bildiraman demang, ota qiladigan ishlarni qiling, vassalom.