Dasturchiman
Inson aqlini tanigach, o'ziga: "Men nimaga yashayabman?", "Men nima uchun yaratildim?" kabi savollar berib, javob izlashni boshlaydi.
Eski O'zbek yozuvini o'rganishni boshlashimga xuddi shu savollar sababchi bo'ldi.
Bu savollarning javobini qanday qilib Eski O'zbek yozuvi bilan topish mumkin?
…yoki bu savollarga qanday bog'liqligi bor?..
Ko'plab zamonaviy g'arb adabiyotining shaxsiy rivojlanishga oid kitoblarini o'qiganman, lekin ulardan deyarli hech narsa olmaganman.
Bitta kitobdan, agar o'rgana olsam, bir dona qiymatli fakt yoki shunga o'xshash biror narsa o'rganardim.
Bir kuni Jaloliddin Rumiy hazratlarining "Masnaviyi ma’naviy" asariga bag'ishlangan "40 hikoyatga 40 sharh" kitobini o'qidim.
Agar ana shu kitobdagi bir hikoyatdan va oldin o'qigan barcha g'arb adabiyotlaridan olgan bilimlarimni tarozi bilan o'chash imkoni bo'lsa, albatta, tarozining hikoyat tomoni og'ir kelgan bo'lardi, og'ir bo'lganda ham juda ham sezilarli darajada bo'lgan bo'lar edi.
Xo'sh, avvalgi savollarga keladigan bo'lsak, bundayin mukammal va pur hikmatli asarlarni yozgan insonlar yuqoridagi savollarga, albatta, toʻgʻri va aniq javob topganlar va u topgan javoblarini o'z kitoblarida ulashgan deb o'ylayman.
Siz aytishingiz mumkin – u kitoblarni Eski O'zbek yozuvini o'rganmasdan ham lotin va krill yozuvlarida ham o'rganish mumkin-ku!
To'g'ri, o'rganish mumkin, keling, buni bir misol bilan tushuntirishga harakat qilaman.
Asl manba huddi asalga o'xshaydi, lotin va krill yozuvlaridagilar esa qiyom kabidir.
Asal - dunyodagi kam sonli aynimaydigan mahsulotlardan biri hisoblanadi ya'ni issiqmi, sovuqmi, uning uchun farqsiz.
… qiyom esa ma'lum bir issiqlikda va sovuqlikda o'zining holini yomon holatga o'zgartiradi.
Asl manba ham asal kabi tashqi muhitdan qat'iy nazar, o'zining holini saqlab qola oladi, boshqa yozuvga o'girilgan esa o'zining holatini saqlay olmaydi.
Mana shu asalga yetish uchun men ham qariyb ikki oydan buyon harakat qilyabman.
Albatta, hech bir qadrli narsaga mashaqqatsiz erishilmaydi, mashaqqatsiz bo'lgani qadrli bo'lmas.
Barchamizga ana shu "asal"dan bahra olish nasib qilsin!
Muhammad USMONOV