Kamina talabaman, inshaAlloh, kelgusida millat farzandlariga muallimlik qilish…
Kamina talabaman, inshaAlloh, kelgusida millat farzandlariga muallimlik qilish niyatidaman.
Eski turkiy yozuvni o‘rganishga bo‘lgan ilk ishtiyoqim ikkinchi kursda o‘qib yurgan kezlari uyg‘ongan edi. O‘shanda qo‘limga «Ustodi avval» kitobini olib, unga bir kuni albatta qaytishni niyat qilib, kitoblarim orasiga omonat qo‘ygan edim.
Bugun o‘sha omonatning vaqti-soati yetganidan mamnunman.
Ustozimizning: “Bu ilm sizlarga bebaho ma’rifat xazinasiga ochqich kalit vazifasini o‘taydi”, degan so‘zlarining isbotini birgina «Ustodi avval» matnlarida ko‘rib turibmiz.
Undagi matnlar shu qadar teran ma’no-mazmunga egaki, kishi beixtiyor: «Qani edi, bizning ham savodimiz ilk maktab ostonasidayoq shu yozuv bilan chiqsami», deb orzu qilib qoladi. Zero, til — millatning ma’naviy ko‘zgusidir. Bizning asliyatimiz o‘ngdan chapga qarab bitilgan bo‘lib, bu yozuvdagi har bir harf o‘ziga xos tafakkur inikosini tashiydi.
Yozuvning o‘zgarishi faqat shaklning emas, balki asliyatning ham o‘zgarishi ekanini bugun chuqur his qilyapmiz. Hozirgi yozuvimizda ham ehtiyojimizdagi ilmlar bor, albatta. Biroq, bugungi quruqshagan ruhiyatimizni ota-bobolarimizning sof zehniyati bitilgan o‘sha kashf etilmagan bitiklargina sug‘ora oladi, deb o‘ylayman.
Bu ilmga intilishdan tom ma’noda maqsadimiz — o‘zligimizni anglash va sof zehniyatimizni topishdir.
Dars jarayonlari, alhamdulillah, juda qizg‘in va maroqli kechmoqda. Ustozimiz o‘zlarining qimmatli vaqtlarini ayamasdan, bizga bu ma’rifat eshiklarini ochayotganlari uchun cheksiz minnatdormiz.
Ustoz dars o‘tar ekanlar, qalbimizda yashirin yotgan savollarga kutilmagan javoblar topiladi. Ruhiyatimizdagi huvullagan bo‘shliqlarni sakinat va nur egallaydi. Eski o‘zbek yozuvi dunyoqarashimizni tubdan o‘zgartirmoqda.
Boshqalarni ham bu yozuvni o‘rganishga chaqirgan bo‘lardim.
Chunki bu ilm — irfon kemasidir. Ilm bahr ortidagi xazina bo‘lsa, bu yozuv o‘sha xazinaga eltuvchi yagona va mustahkam ko‘prikdir.
Bu jarayon meni aslo qiynagani yo‘q, aksincha, asablarimga tartib, qalbimga halovat in’om etdi.
Ota-bobolarimning ko‘hna safar chizig‘i bo‘lgan bu yo‘l mening uchun ham «Buyuk ipak yo‘li» kabi qadrlidir.
Dilshodbek RAHMATULLAYEV