O‘quvchiman. Ilm olishni hayotimning muhim bir qismi deb bilaman va bo‘sh…
O‘quvchiman. Ilm olishni hayotimning muhim bir qismi deb bilaman va bo‘sh vaqtlarimni foydali mashg‘ulotlar bilan to‘ldirishga harakat qilaman.
Eski turkiy tili va yozuvini Akrom Malik ustozimizdan taxminan ikki oydan beri o‘rganib kelmoqdaman.
Bu qisqa vaqt bo‘lishiga qaramay, juda ko‘p yangi bilimlarga ega bo‘ldim.
Avval bu til menga murakkab va tushunarsizdek tuyulgan edi, ammo darslar orqali asta-sekin osonlashib boryapti.
Eski turkiy tilni o‘rganishdan asosiy maqsadim – ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy va adabiy merosni asl holida tushunishdir. Tarjima orqali emas, balki bevosita manbani o‘qiy olish inson uchun katta boylik, deb o‘ylayman.
Darslar menga juda qiziqarli bo‘lyapti. Har bir mavzu aniq, tartibli va tushunarli tarzda o‘tiladi. Har hafta ustozni o'zlari darslarimizni koʻrib chiqib baho qoʻyib beradilar, bu esa mas'uliyatni oshiradi.
Dars jarayonida va ustozni har haftadagi suhbatlari davomida dunyoqarashim ancha kengaydi. Har haftada bir marta boʻladigan suhbatlari juda juda foydali. Til orqali tarix, madaniyat va tafakkur naqadar chambarchas bog‘liq ekanini angladim.
Ajdodlarimizning ilmga bo‘lgan e’tibori va teran fikrlashi menga katta ta’sir qildi.
Fikrimcha, har bir o'zbek eski turkiy alifboni va u tilni o‘rganishi kerak.
Chunki bu til bizning tarixiy ildizlarimiz bilan bog‘liq bo‘lib, o‘zligimizni chuqurroq anglashga yordam beradi. Bundan tashqari, bu ilm boshqa tillarni o‘rganishda ham foyda beradi.
Dars qilish ba’zan biroz mehnat va intizom talab qiladi, ammo uni qiyinchilik deb hisoblamayman. Aksincha, natijani ko'rganimda barcha harakatlarimga arziganini his qilib boryapman. Shu sababli darslarni mamnuniyat bilan davom ettiryapman.
Bintu SULTON