← Barcha maqolalar

Hikoyat: Hotam Toyiga aytdilar: “Jahonda sendan ulug‘ himmatli…

Maqola · 3 daqiqa o‘qish

Hotam Toyiga aytdilar: “Jahonda sendan ulug‘ himmatli ko‘rganing yo eshitganing bormi?”.

Aytdi: “Bir kun qirq tuya qurbon etib, arab beklarin qo‘noqladim. Hojat uchun tashqari chiqib ko‘rdim, bir er bir yuk tikan ko‘tarib, sotmoqqa kelur edi. Yukin yerda qo‘yib, tingladi.

Men anga aytdim: “Nechun Hotam Toyining da’vatiga bormassanki, xalq jamoat bo‘lib yig‘ilib, yemak yerlar?”.

Ul er aytdi:

She’r

Aning kim luqmasi kasb etmagidur,
Koʻtarmas ul bu Hotam minnatini.

Hotam Toyi aytdi: “Men o‘zimdan ulug‘ himmatli erni ko‘rdim”.

Hikoyatning mazmuni

Arab dunyosida o‘zining tengsiz saxovati va jo‘mardligi bilan mashhur bo‘lgan Hotam Toyidan: “Dunyoda o‘zingdan ham himmatliroq (saxovatliroq, himmati baland) insonni ko‘rganmisan?” deb so‘rashadi. Shunda Hotam Toyi o‘zi guvoh bo‘lgan bir voqeani so‘zlab beradi. Yaʼni, bir kuni Hotam Toyi hurmat-izzatli insonlar uchun qirqta tuya so‘yib, katta ziyofat beradi.

Tashqari chiqqanida esa, mehnatdan qo‘llari qabargan, yelkasida sotish uchun tikan ko‘tarib kelayotgan bir g‘arib va kambag‘al kishini ko‘rib qoladi. Shunda Hotam Toyi ajablanib, soʻraydi: “Nega Hotam Toyining ziyofatiga borib, tayyor va noz-ne’matli dasturxondan yemaysan? Axir butun el o‘sha yerga to‘plangan-ku?” deydi.
Kambag‘al tikan koʻtargan kishi esa unga:
“O‘z mehnati va peshonatug‘i (orttirgan luqmasi) bilan kun ko‘rgan kishi, Hotam Toyining minnatli va ehsonli dasturxoniga muhtoj bo‘lmaydi va uning minnat yukini tikan yukidan og‘irroq deb biladi”, – deb javob beradi.

Hotam Toyi uning bu javobidan qoyil qolib: “Men o‘shanda o‘zimdan ham sahovatli va himmati balandroq bo‘lgan insonni ko‘rdim”, deya tan oladi.

Tahlil

Sharq falsafasida himmat faqat mol-dunyo ulashish emas, balki nafsni tiya bilish, g‘urur va o‘z qadr-qimmatini saqlab qolish bilan ham belgilanadi.

Hikoya mazmunida Hotam Toyi boyligi va saxovati bilan elga ma’lum bo‘lsa-da, tikan sotuvchi gʻarib inson bag‘ri kengligi, nafsi toʻqligi, yaʼni nafsini boylikdan va tayyor yemakdan ustun qo‘ya olgani – ma’naviy himmati bilan Hotamdan ustun ekanligi ifodalanadi.

Tasavvufda eng katta boylik – qanoatdir. Hikoyatda keltirilgan tikan ko‘targan dervishsifat inson nafsining quliga aylanmagan. Uning uchun yelkasidagi tikan yuki eng og‘ir narsa emas, aksincha, birovning minnatini va ehsonini ko‘tarish – ruhiy tikan bo‘lib, qalbiga sanchiladi.

Yelkaga ortilgan og‘ir va sanchiluvchi tikan yuki – vaqtinchalik jismoniy og‘riq beradi. Ammo birovning ehsonidan umidvor boʻlish (taʼma etish) va minnatini ko‘tarish – umrbod qalbga azob beruvchi ma’naviy tikandir. Tikan sotuvchi uchun jismoniy mashaqqat ma’naviy qaramlikdan afzalroqdir.

Xulosa va ibrat

Inson uchun oliy boylik – o‘z mehnati bilan topgan ozgina bo‘lsa ham halol luqmasi va o‘z qadr-qimmatini saqlay olishidir. Qo‘li ochiqlik qanchalik ulug‘ fazilat bo‘lsa, birovga qaram bo‘lmaslik, o‘z nafsi va qadrini har qanday tekin ne’matdan baland tutish undan-da ulug‘roq va yuksakroq fazilatdir.

Qanchalik og‘ir va mashaqqatli bo‘lmasin, o‘z peshona teri va mehnatining orqasidan topilgan non – eng shirin, eng aziz va eng sharafli nondir.

Matnni “Mumtoz alifbo tahsili” onlayn oʻquv dasturi 3-sinf oʻquvchisi Qalandar SAMANDAROV tayyorladi.

Video montaj ustasi: Davlatbek MASHRAB

Manba:
1553-raqamli qoʻlyozma elektron nusxasi 173 – sahifa, Leyden universiteti kutubxonasi.