Hikoyat: Amr ibn Lays qullarindan bir qul qochti. Ortincha borib…
Amr ibn Lays qullarindan bir qul qochti. Ortincha borib tutub keturdilar. Bir vazirning, aning bilan g‘arazi bor edi, aytdi: “Muni o‘ltirmak kerakkim, dag‘e o‘zga qullar ko‘rub muning bekin harakat qilmag‘aylar”.
Ul qul yer o‘pub aytdi:
“Buyrug'ing boshim uza ey shahriyor,
Xojaningdur hukm qulg‘a erki bor.
Ammo man bu ev ne'mati bilan baslanib tururman, tilamankim qiyomat kun manim qonima girifot bo‘lg‘aysan, agar bu qulungni o‘lturmaga tilasang shar' ta'viyli bilan o‘lturgulkim, qiyomat kun yozuqli bo‘lmag‘aysan”.
Malik aytdi: “Shar' ta'viyli qaysi turur?”
Aytti: “Manga ijozat bergilkim bu vazirni o‘lturaym, andan so‘ngra mani qasos qilib o‘lturgil.
Malik bu so‘zni eshitib kuldi, dag‘e vazirga aytti ne maslahat ko‘rarsan”. Vazir aytti: “Ey malik otang joni uchun boshing sadaqasi, muning yozuqin bag‘ishlag‘il, hatto mani dag‘i balog‘a solmasun, yozuq mandandur, hukamo qavli bilan amal qilmadim.
Urushub tosh otqon er bilan san,
Jarohat boshinga istab keturding.
Chekib yo(y) otting o‘q dushman yuzina,
Ko‘zung och o'qina qarshu o'turdung.
Hikoyaning mazmuni
Amr ibn Lays qularidan biri qochgan edi, ortidan borib ushlab olib kelishdi. Amrning vazirlaridan birining bu qulga g‘arazi bor ekan, fursatdan foydalanib aytdi: “Bu qulni o‘ldirish kerak, shunda boshqa qullar bu kabi harakat qilmaydilar”.
Shunda qochgan qul yerni o'pib aytdi:
Buyrug‘ing boshim ustida ey shahriyor (podshoh),
Xojaning qulga hukm qilish erki bor.
Va davom ettirdi: “Ammo man bu rizqimni shu xonadonda topib turubman, tilaymanki qiyomat kuni nohaq to‘kilgan qonim uchun jazolanasan. Agar rostan ham o‘ldirmoqchi bo'lsang shariatga muvofiq holda o‘ldir-ki, qiyomat kuni gunohkor (yozuqli) bo‘lmaysan”.
Malik aytdi: “Shariatga muvofiqlik qanday bo'ladi?”
Qul aytti: “Menga ruxsat ber bu vazirni o‘ldiray, keyin mani qasos uchun o‘ldir”.
Malik bu so'zni eshitib kulib, vazirga: "San nima deysan", – dedi. Vazir aytti: “Ey malik otangiz haqqi, bu qulni gunohini kechiring, hattoki manga biror yomonlik qilmasin, xato mandan o‘tdi, hakimlarning aytganiga amal qilmadim:
Urushib tosh otganing er kishi bilan san,
Jarohat boshinga o'zing istab keltirding.
Yoy tortib otding o‘q dushman yuziga,
Ko'zingni och, o‘qiga qarshi o‘tirding.
Tahlil
Aslida bu hikoyadan olinadigan ibrat shuki, shaxsiy kelishmovchilik tufayligina birovga ziyon yetkazmaslik kerak ekanligi ya'ni vazir u qulga qoidalar bo‘yicha emas, balki shaxsiy g‘arazidan kelib chiqib jazo so‘radi. Lekin meni bu hikoyadan hayratga solgan narsa qulning zakovati bo‘ldi. Shu holatga o‘zimni qo‘yib ko‘rsam, yoki mag‘rur turib vaziyatni jiddiylashtirish, yoki Alloh saqlasin o‘lim qo‘rquviga yengilib malikning oyog‘iga yiqilishdan boshqa chorani ko‘rmadim. Lekin bu qul, g‘ururini ham saqladi, zararni ham ketkazdi, ya'ni shunday jumla tuzdiki, malik qoyil qolganidan kuldi, xusumatlashgan vazir uyalib qoldi. Bu o‘sha davrning yuksak madaniyatining namunasi bo'lsa kerak.
Matnni "Mumtoz alifbo tahsili" onlayn oʻquv dasturi 3-sinf o'quvchisi Muhammad Sodiq MUZAFFAR tayyorladi.
Video mantaj ustasi: Davlatbek MASHRAB
Manba:
1553-raqamli qoʻlyozma elektron nusxasi 65 — 66 — 67-sahifa, Leyden universiteti kutubxonasi