← Barcha maqolalar

Hikoya: Maliklardan bir malikga ranj hosil bo‘ldi. Ul valoyatning…

Maqola · 3 daqiqa o‘qish

Maliklardan bir malikga ranj hosil bo‘ldi. Ul valoyatning hokimlari jam bo‘lub ayttilar: “Bu ranjning davosi degul. Illo odamining o‘ti dag’i ul odamiy muncha turlu sifat bilan mavsuf kerak”. Sulton buyurdi. Istadilar. Bir ekinchining o‘g‘lin tobtilar, ul surattakim hukamo aytib turur edi. Otasin onasin izdab ko‘b mol va ne'mat berib xushnud qildilar. Qozi fatvo berdikim “Sulton salomati uchun raiyyatdan birining qonin to‘ksa ravo durur”. Jallod kelib qasd etti o‘lturmakka. O‘g‘lon yuzin ko‘kka qarshi tutub kuldi. Sulton aytti: “Bu holatta ne kulmak yeri durur kim kuldung?”. Aytti: “O‘g‘lonlar nozi otag‘a onag‘a bo‘lur dag‘i davoni qozi qatina elturlar dodni sultondan izdarlar. Emdi otam onam dunyolik uchun qonimni to‘kmakka dastur berdilar. Qozi dag‘i fatvo berdi mani o‘lturmakka. Sulton dag’i rozi bo‘ldi. Tangridan o‘zga sig‘inar birim qolmadi.

She'r:
Kimga qilayim saning elingdan faryod,
Qarshingda turub tilarman ush sandan dod.

Sulton bu so‘zni eshitib ko‘ngli og‘rib ko‘zindan yosh keldi dag‘i aytti: “Manim halokligim yaxshiroq andankim yozuqsiz qon to‘kulguncha”. Boshindan ko‘zindan o‘pib quchib ko‘b mol va ne'mat berib ozod qildi. Ayturlar ul kun ichinda Haq ta'olo anga shifo berdi.

She'r:
Kuch bila bir qorinjani bossang,
Bilki holi ne bo‘lgay ul qiyinda.
Ey zaif odamiy saning holing,
Ayladur fil ayoqi oltinda.

Hikoya mazmuni:

Sultonlarning biriga kasallik yetibti. Manashu davlatning hokimlari to‘planib maslahat ko‘ribtilar “Bu kasallikning davosi yo‘q. Faqatgina odamning qoni davo bo‘lishi mumkin. Shu odam bir qancha sifatlarga ega bo‘lishi kerak”. Sulton izlashga buyurdi. Qidirdilar. Va bir dehqonning o‘g‘lini toptilar, bu o‘g‘lon hokimlar aytgan barcha sifatga ega edi. O‘g‘lonning ota-onasini qidirib toptilar ko‘p mol va ne'mat berib rozi qildilar. Qozi fatvo berdi: “Sulton salomatligi uchun xaloyiqdan birining qonini to‘ksa bo‘ladi”, – deb. Jallod o‘g‘lonni o‘ldirishga shaylandi. Yigit yuzini osmonga qaratib kuldi. Buni kuzatib turgan sulton aytti: “O‘lim holatida turibsan kulishing nimasi bo‘ldi?”. O‘g’lon aytti: “Farzandlar erkaligi ota-onasiga bo‘ladi, nohaqlikka uchrasalar qozoga shikoyat qiladilar, adolat uchun sultonga yuzlanadilar. Endi otam va onam dunyo evaziga meni o‘ldirishlariga ruxsat berdilar, qozi bo‘lsa fatvo berdi, sulton esa rozi. Tangridan boshqa suyanchig’im qolmadi.

She'r mazmuni:
Sani qo‘lingdan kimga qilay faryod,
Qarshingda turib o‘zingdan so‘rayman adolat.

Bu so‘zni eshitib sultonning ko‘ngli og‘ridi, ko‘zidan yoshlar oqdi va aytti: “Bu gunohsizning qoni to‘kilishidan ko‘ra meni o‘lganim yaxshiroq”. Yigitning boshidan ko‘zidan o‘pti, quchti ko‘p mol va ne'mat berib ozod qildi. Aytishadiki o‘sha kunning o‘zida Alloh taolo uning kasaliga shifo berdi.

She'r mazmuni:

Kuch bilan bir chumolini bossang,
Bu qiyin holatda uni holi nima bo‘ladi?
Ey zaif odamiy sani holing,
Shundaydur filning oyog’i oldida.

Matnni "Mumtoz alifbo tahsili" onlayn oʻquv dasturi 3-sinf o'quvchisi Nodira AHMEDOVA tayyorladi.

Video montaj ustasi: Davlatbek MASHRAB

Manba:

1553-raqamli qoʻlyozma elektron nusxasi 36b, 37a, 37b-sahifalar, Leyden universiteti kutubxonasi.