Hikoyat: Bir yaxshi er tatar urushinda ogʻir jarohatli boʻldi. Bir…
Bir yaxshi er tatar urushinda ogʻir jarohatli boʻldi. Bir kishi anga aytdi: “Sening bu jarohating davosi falon xojaning qatinda bor. Borib tilasang, bo‘lgʻaykim, andan senga bergay. Valekin ul xojani ayturlar: buxil bilan ma’ruf edi, oʻylakim...
She’r:
Gar gunashni gizlasa etmak bikin ul sufrada,
Koʻrmagay yillar kechib koʻz ul gunashni bir yona.
Andan ul majruh er aytdi: “Aning bikin kishidan hojat tilasam, yo bergay, yo bermagay, agar berur boʻlsa, foyda qilgʻay, yo qilmag‘ay.
She’r:
Hojat tilama xasis erdan,
Bugʻday ta’ma etma shoʻr yerdan.
Nechukkim masalda ayturlar: “Mazallat bilan tiri yurguncha, illat bilan oʻlsa yaxshiroq”.
Hikoyat mazmuni:
Bir mard, bahodir kishi (yaxshi er) jangda (tatar urushinda) ogʻir yaralanadi. Boshqa bir kishi unga yarasiga davo boʻladigan malham faqat falon boy xoʻjaning huzurida borligini, borib soʻrasa berishi mumkinligini aytadi. Biroq shu bilan birga, u boyning juda xasis, baxil (buxil bilan ma’ruf) ekanini ham taʼkidlab oʻtadi. Shunda majruh (yarador) kishi bunday baxil odamdan gʻururini yerga urib yordam soʻrashni rad etadi. Uning fikriga koʻra baxil odamdan biror narsani taʼma qilib, kamsitilib, tilanchilik qilib olgandan koʻra, oʻz or-nomusini saqlab qolish afzalroqdir.
She’r mazmuni:
Baxil odam oʻzining ozgina nonini dasturxonida shunchalik yashiradiki, yillar oʻtsa ham hech kim u dasturxondan quyosh yogʻdusini koʻrmaydi. Yaʼni, xasis insonning qoʻlida imkoniyat boʻlgani bilan, u baribir saxovat koʻrsata olmaydi. Undan narsa umid qilish – imkonsiz narsani kutishdek gap.
Shoʻrxok yerga ekin eksang, bugʻdoy unib chiqmaganidek, past, xasis odamdan ham yordam, muruvvat kutish mantiqsizlikdir. Yaʼni, mohiyati past narsadan ezgu natija chiqmaydi.
Xorlik, tubanlik va gʻurursizlik (mazallat) bilan yashagandan koʻra, dard va xastalik (illat) bilan vafot etgan afzaldir.
Hikoyatning qisqa xulosasi
Inson uchun jismoniy hayotdan koʻra ma’naviy hayot (or-nomus, gʻurur) ustunroq turadi. Jismoniy oʻlim vaqtinchalik boʻlsa, ma’naviy tubanlik insoniy qadr-qimmatni yoʻqqa chiqaradi.
Matnni “Mumtoz alifbo tahsili” onlayn oʻquv dasturi 3-sinf oʻquvchisi Qalandar SAMANDAROV tayyorladi.
Manba:
1553-raqamli qoʻlyozma elektron nusxasi 168a-169b – sahifalar, Leyden universiteti kutubxonasi.