Ba’zan ilm olishga qobiliyati va salohiyati bor, lekin sharoiti yoʻq yoshlarni…

Ba’zan ilm olishga qobiliyati va salohiyati bor, lekin sharoiti yoʻq yoshlarni koʻrib, ularga yordam berishni istaysan.
Yordam beray deysan-u, imkoning haminqadar boʻladi.
Shunda bu yurtning boylari pullarini nima qilishar ekan degan tamagir bir oʻy miyada aylanadi.
Balki ular hammadan yashirincha tinimsiz ehson qilib yotishgandir-u, biz gʻofilmiz.
Balki ularning tadbirli miyalarida boshqalarga yordam berish, xalqning ma’rifatiga hissa qoʻshish degan oʻyning urugʻi ham yoʻqdir.
Balki ular kitob oʻqish tugul, harf tanimas.
Balki ular juda qoloq, haddan tashqari ma’naviy qashshoq, haddan tashqari qoʻrqoq, haddan tashqari takabbur, johil, pul quturtirgan odamlardir.
Balki ularga biror nasihat ta’sir qilmas.
Balki ularning qalbida oxiratning zarracha gʻami yoʻqdir.
Balki ular riyokor, maqtanchoq, oyogʻi yerdan uzilgan, hech kimni nazar-pisand qilmaydigan xudbin, dilozor va olchoqdirlar…
Yo Xudo!
Adashayotgandirman?!
Harqalay, yurtimizda biror boy yoshlarni oʻqitish uchun birorta grand beradigan tashkilot qilmagan, harqalay, birorta boyning sa’viya bilan gapirganini eshitmadim yoki fikrlashi oʻta pastlari minbarga chiqsa kerak.
Puldorlarga laganbardorlik qiladiganlardan Xudo saqlasin! Chunki johil puldordan uning laganbardor itlari va tilyogʻlama koʻppaklari jirkanchroq.
Buni aytishdan murodim shuki, Xudo ilm yoki ta’lim olishda ilmni pisand qilmaydigan adabsiz, johil va kar-kar puldordan bizni abadul abad umidvor va tamagir qilmasin!
Ilm oshiqlariga Robbimning Oʻzi madad bersin, omin!
Akrom MALIK