← Barcha maqolalar

Do‘stlik ilmi

Maqola · 1 daqiqa o‘qish

Do‘stlik insoniylikdandir. Ko‘zingga yoqqan har kim ham do‘st chiqmaydi. Do‘stlik neligini bilmaydigan baxtsizlar bilan bu jahon to‘lib-toshgan. Ha, do‘stlik nimaligini bilmaslik – baxtsizlikdir.

Do‘stman degan odam haqida shuni bilki, yordam so‘rab borganingda imkonim yo‘q dedimi, u do‘st emas. U yolg‘onchi va ikkiyuzlamachidir. Bu narsani o‘zing uchun bilib qo‘y va o‘sha do‘stning nomini qayta tilingga olma, ismini dilingga kiritma.

Aslida, eng latif do‘st do‘stining ahvolini aytmasidan avval bilgan odamdir.

Sotqin va ikkiyuzlamachilar bilan dunyo dengizidan oxirat sohiliga yetib bora olmaysan. Kemangdagi kalamushdir u. Lekin ehtiyot bo‘l: o‘zing ham kalamush bo‘lib qolma.

Agar do‘sting sendan yordam so‘rashga uyalsa va sen bo‘laturib boshqadan yordam so‘rasa, o‘zingdan norizo bo‘l. Qanday ham noshud va zaif ekaningni bilib ol.

Akrom MALIK