← Barcha maqolalar

O‘limning qayg‘usi katta, ayriliq yuki undan katta, bu ikki alam oilaning har bir…

Maqola · 2 daqiqa o‘qish

O‘limning qayg‘usi katta, ayriliq yuki undan katta, bu ikki alam oilaning har bir a'zosining qalbini kuydiradi, mana shu paytda kelib ta'ziya bildirish, ko‘ngil so‘rash o‘ta jiddiy ishdir. Qancha ko‘p odam ta'ziya uchun kelsa, shuncha yaxshi – qayg‘uni yengish oson ko‘chadi.

Oilani tark etganlarni unutmaslik lozim. Har bir inson o‘tgan marhumlarni eslashi, doimo ruhlariga savoblar bag‘ishlashi kerak. Bu ishni har kuni bajarish lozim. O‘tganlarning yaxshi ishlarini yoshlarga aytib, ibrat qilib ko‘rsatmoq go‘zal ishlardan sanaladi.

G‘am insonga xosdir. G‘amga insonning o‘zi yakka qarshi kurashmog‘i juda qiyin. Shu sababli hech qachon ayriliqqa uchragan do‘stlaringizni yolg‘izlatmang. Har qanday vaziyatda ham ishlaringizni tashlab oldiga boring, yonida turing, g‘ami yengillashmog‘i uchun harakat qiling. Ba'zan so‘zlar emas, harakatlar kifoya qiladi.

Hazrat Oyisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: "Ifk voqeasi bo‘ldi. Butun olam ko‘zimga qorong‘u edi. Shunda bir kampir meni ko‘rgani keldi. Hech bir taskin so‘z ayta olmadi, lekin yonimga o‘tirib rosa yig‘ladi. Yillar o‘tdi, lekin shu kampirning menga hamdardligini hecham unuta olmadim".
Hamdard bo‘lgan insonlarga shon-sharaflar bo‘lsin! Ularning qalbini Xudo qayg‘udan saqlasin!

Insonning tashqi qiyofasiga qarab, bunda hammasi yaxshi ekan, kuymayapti deb o‘ylaydigan befarosatlarga haqiqiy odam kabi kuyish va o‘rtanish nasib aylasin!

Akrom MALIK