← Barcha maqolalar

Hikoyat: Shayx Sa'diy aytur: bir kimarsa bilan yillar safarda va…

Maqola · 3 daqiqa o‘qish

Shayx Sa'diy aytur: bir kimarsa bilan yillar safarda va hazarda birga bo‘lub, o‘rtamizda ko‘p ne'mat va suhbat haqqi sobit edi. Oxir bir kun oz naf uchun xotirim ozorin ravo ko‘rdi, dag‘i do‘stliqni tark etib ketdi. Munung bilan kim muhabbat ikki tarafdan edi. Ul hukm bilan kim, eshittim bir kun ikki bayt menim so‘zlarimdan bir majma' ichinda o‘qumish. Ul ikki bayt bu turur:

Shakar kulush bila kelsa, necha kim ul dilbar,
Berur bu jon va ko‘ngulga farah g‘ado ul dam.
Tilagim ul elima zulfining uchi tushgay,
Nechuk karim yengindan faqir elina diram.

Eshitganlar bu so‘zning lutfina degul, o‘z siyrati husnina tanuqluq berib, tahsin o‘qudular. Ul dag‘i alarning tahsini uza mubolag‘a qilib, qadimiy suhbatning favtina taassuf yeb, o‘z xatosina mo‘tarif bo‘lib turur. Bas, ma'lum bo‘ldikim, aning tarafindan rag‘bat bor emish. Men dag‘i bu baytlarni aytib anga eltur kishiga taslim qilib, sulh ettim.

Ala yo, ko‘rguzub javr-u jafoni,
Nechun ketding buzub ahd-u vafoni.
Sog‘indim man sani yor vafodor,
Va lekin bilmadim bo‘yla jafokor.
Kelur bo‘lsang yana Ahlan va sahlan
Qatimda martabang barchadan a'lo.

***

Hikoyaning mazmuni

Shayx Sa'diy hazratlari aytarlar:
Bir inson bilan ko‘p yillar safarda va boshqa turli vaziyatlarda birga bo‘lib, o‘rtamizda ko‘p yaxshilik-ne'mat va suhbat haqqi bor edi.

Oxir bir kun o‘z foydasi uchun menga ozor berish darajasiga yetdi. Keyin do‘stlikni tark etib ketdi. Shunday bo‘lgani bilan o‘rtamizdagi muhabbat ikki taraflama edi.

Buning tasdiqi o‘laroq uning bir jamoa to‘plangan joyda mening so‘zlarimdan ikki baytni o‘qiganini eshitdim. U ikki bayt mana bu edi:

She'rning mazmuni:

Qachonki, ko‘ngilga yaqin odam yoqimli tabassum bilan kelsa, bu hol jon va ko‘ngilga quvonch berar. Mening uning zulfi-sochining uchi qo‘limga tushishiga mushtoqligim bir saxiy yengi ichidan qo‘liga pul ehson tushishi umidida bo‘lgan faqirga o‘xshar.

Eshitganlar bu so‘zlarning go‘zalligini emas, o‘zining go‘zal siyratini e'tirof qilib, tahsin o‘qidilar.

U ularning tahsinini mubolag'a qilib, o‘rtamizda o‘tgan suhbatlarni to‘xtab qolganiga afsus chekib, o‘z xatosini tan olib turar edi.

Bundan ma'lum bo‘ldiki, uning tarafidan orani isloh qilmoqlikka rag‘bat bor. Keyin men orani sulh etish maqsadida unga yetkazadigan kishiga tayinlab, bu baytlarni aytdim:

She'rning mazmuni:

Ey sen, menga jabr-u jafo ko‘rsatib, nechun ahd-u vafoni buzib ketding? Men seni vafodor do‘st deb bilgandim, bunchalik jafokorligingni bilmagandim.
Agar yana qaytib kelar bo‘lsang, xush ko'rib, huzurimda seni hurmatingni barchadan ustun qo‘yaman.

Matnni "Mumtoz alifbo tahsili" onlayn oʻquv dasturi 3-sinf o'quvchisi Nargiza XUDOYBERGAN tayyorladi.

Video mantaj ustasi: Davlatbek MASHRAB

Manba:

1553-raqamli qoʻlyozma elektron nusxasi 120b — 121b-sahifa, Leyden universiteti kutubxonasi.