← Barcha maqolalar

Toparmon-tutarmon erga, hayo va iffatli, ro‘zg‘orparvar va sadoqatli xotinga…

Maqola · 4 daqiqa o‘qish

Toparmon-tutarmon erga, hayo va iffatli, ro‘zg‘orparvar va sadoqatli xotinga hamisha jufti halol chiqadi. Aksincha, yengiltak va qosh-ko‘zini bo‘yab, o‘zini bozorga soladiganlarning bozori kasoddir – unga tarbiyasiz odamlarning barchasi fohishaga qaragandek qaraydi. Shu sababli ersiz ayollarning er izlab har o‘tgan erkakka suzilmay, o‘zini mahkam ushab o‘tirishi maqsadga muvofiq – albatta, uni qadrlaydigan biri keladi.

Bevalarni malomat qilishdan atrofdagilar saqlanishi, imkoni bo‘lsa, yaxshi juftga ro‘para qilishi kerak. Albatta, bu TVda yoki radioda, yoki telegram kanalida menga er yoki xotin kerak deb e'lon ber degani emas. Bu uslub hamiyat va iffat qabul qilmaydigan uslubdir, bugun ayrimlar qo‘shmachilikning mana shunday virtual yo‘lini tanlab, tirikchilik qilayotgan emish. Bizningcha, esi bor odam bunday arzon va past tijorat bilan qorin to‘ydirmaydi, bola boqmaydi. Hamiyatli va iffatli er yoki xotinlar ham bunday rastalardan o‘ziga ega izlamaydi.

Beva ayolning kattalari – ota-onasi, amaki-tog‘asi, amma-xolasi, aka-ukasi himoya qilishlari kerak. Uning issiq-sovug‘iga qarash, yaxshi sovchi chiqsa, bosh-qosh bo‘lib izzat bilan uzatishlari lozim.

Beva erning yaqinlari bekor turmay, mahalladan o‘ziga pishiq, iffatli ayollarni surishtirib topib berishlari darkor.

Taqdir bo‘lib, oila qurgach, agar o‘gay bola tarbiyalash zimmaga tushsa, bu mas'uliyatni sharaf bilan ado qilgan yutadi. Ikkinchi bor turmush qilgan er ham, xotin ham his-tuyg‘uga berilmay aql va vazminlik bilan ish tutishlari talab etiladi. Ular bir-birlarini avaylashlari, bir-birlariga zulm qilmasliklari, ayniqsa, xotinlar makrdan saqlanishlari, shirinso‘z bo‘lishlari maqbul. Chunki ular yosh bola emas, bir marta qurilgan oila buzilgan yoki o‘lim sodir bo‘lgan, demak, shukur va sabrni ushlamoq kerak. Ularning yaqinlari ham er-xotin bir-biriga payvand bo‘lib ketishlari uchun xoh moddiy, xoh ma'naviy yo‘l bilan ko‘maklashmoqlari yaxshi ish.

Hech qachon o‘gay bolaga zulm qilmang, yetimni xo‘rlamang, shuningdek, o‘gay farzandlar ham ota yoki ona ortidan paydo bo‘lgan o‘gay ota-onani xor qilmasinlar. Balki ularni ham o‘z ota-onalari kabi izzat qilsinlar.

Boshi bir marta devorga urilgan er-xotinlar yana devorga bosh urmasinlar.

Agar xotin erdan chiqib erga tegaversa, er ham xotin olib, xotin qo‘yaversa, bu uning sha'ni uchun ham, sharafi uchun ham yaxshilik emas. Er-xotinlik eng avval, sabr va hilm demakdir. Muhabbat keyin keladi.

Bugun qonunda ikkinchi xotin masalasida ijobiy gapirish taqiqlangan. Unga targ‘ib jinoyatga tenglashtirilgan. Shu sababli biz ko‘pxotinlikni targ‘ib qilmagan holda aytamizki, agar ayollar o‘z ixtiyorlari bilan kimgadir ikkinchi xotin bo‘lib tekkan bo‘lsalar, o‘zlarini kamsitilgan sezmasinlar. Har bir nikohning Xudo huzuridagi maqomi bir xildir. Erga sadoqat va muhabbat ila itoat qilsinlarki, Xudo har qanday sabrning mukofotini go‘zal qilib beradi.

Xususan, qaysi bir erki, mardlik qilib, ikkinchi bir xotinni o‘ziga nikohlab olgan bo‘lsa, u ham bu mashaqqatga chidab bersin. Ikki xotinni har tomonlama teng tutsin va ayollarga zulm qilib, Xudoning oldida ham gunohga qolmasin.

Ikki yoki undan ortiq xotin olish er kishi uchun jiddiy yukdir. Uning og‘riq va azobi ko‘p. Bu dunyoda bu ishning azobi ulkan, shunga qarab oxiratdagi tergov va jazoni tasavvur qilish mumkin. Chunki xotinlari orasida adolat qila olmagan erkak qiyomat kuni bir tomoni shol bo‘lib tirilar ekan.

Shu paytgacha xotinni ko‘paytirgan insofli erkaklarning hech biri bu ishni boshqaga tavsiya qilmagan. Ammo unutmaslik kerakki, mashaqqat qancha katta bo‘lsa, inson unga matonat bilan chidab bersa, mukofot ham shunga muvofiq keladi.

So‘zimizning asosiy xulosasi shuki, inson har qanday holda, u er yoki xotin bo‘lishidan qat'iy nazar, oilani asrab qolish uchun kurashsin. Har bir odamning xayolida qanday tadbir qilsam, qanday xulq egasi bo‘lsam, oilam tinch va mustahkam turadi degan o‘y va tashvish yursin.

Faqat ahmoqlar oilaning qadriga yetmaydi va faqat johillar oilasining poydevoriga bolta uradi va faqat razillar birovlarning oilasiga daxl qilib, buzishga urinadilar.

Akrom MALIK