← Barcha maqolalar

Hikoyat: Shayx Sa’diy aytur: safarda edim. Bir kecha karvon tun qato…

Maqola · 3 daqiqa o‘qish

Shayx Sa’diy aytur: safarda edim. Bir kecha karvon tun qato yurub, sahar vaqtin kelib, bir o‘rmon yoninda qo‘ndilar. Yo‘ldoshlarimizdan bir faqir na’ra urdi, dag‘i turdi. Sahroga yuz tutti, dag‘i bir nafas bilan ko‘p yo‘l ketti. Bir zamondan tong otti. Ul faqirni ko‘rub ayttim: “Ul ne holat edikim qilding?”. Aytti: “Ko‘rdumkim, og‘ochlar ustunda bulbullar nola va zoriy qilurlar, dag‘i tog‘larda durrojlar, suvda bog‘alar, dag‘i o‘rmonda jonvorlar”. Man aytim: “Bu ne muruvvat bo‘lmag‘ay – barcha tasbeh-u tahlil ichinda dag‘i man g‘aflat uyqusinda yotqayman”.

She’r

Hamd o‘qub bulbul sahar vaqtinda xush,
Oldi mandan sabr-u toqat, aql-u hush.

Bir aziz aytti manga: “Nechun bukun,
Na’ra urdung, eshitib qushlar unun?”

Ayttim: “Ul qushlar turub tasbeh o‘qur,
Bu bani odam yotib g‘ofil uyur.

Ul hijolatdan ravon na’ra urub,
Bilmadim man qanda ketganim yurub”.

Hikoyat mazmuni:

Shayx Saʼdiy aytadilar:
Safarda edim. Karvonimiz tun boʻyi yoʻl yurib, sahar vaqtida bir oʻrmon yoniga kelib tushdi. Shu chogʻ yoʻldoshlarimizdan boʻlgan bir faqir baland ovozda baqirib, oʻrnidan turdi. Sahro tomonga yuzini burib ketdi. Tong otgandan soʻng men undan soʻradim: "Biroz oldin nima qilding?" Aytdi: "Koʻrdimki, daraxtlar ustida bulbullar sayrab turli nolalar qilishmoqda. Togʻlarda esa durrojlar(xush ovozli parranda), suvda baqalar, oʻrmon ichida jonvorlar turli tuman ovozlar bilan sayrashmoqda. Bu yaxshi emas, hamma tasbeh-u tahlil bilan band, men boʻlsam gʻaflat uyqusida yotaman"

Sheʼr mazmuni:

Hamd o‘qib bulbul sahar vaqtinda xush,
Oldi mendan sabr-u toqat, aql-u hush.

Bir aziz kishi aytti menga: “Nechun bu kun,
Naʼra urding, eshitib qushlar ovozin?”

Ayttim: “Ul qushlar turib tasbeh aytar,
Bu bani odam yotib g‘ofil uxlar.

Ul hijolatdan ravon na’ra urib,
Bilmadim men qayga ketganim yurib”.

Tahlil

Faqir bu — Alloh taoloning yoʻlida hech narsasi yoʻq boʻlgan kishi. Faqir boy boʻlishi mumkin, ammo dunyo uning qalbida zarracha ham joy egallamaydi. Inson qalbi dunyoga bogʻliq boʻlmagandan keyin, hikoyatdagi faqir kabi hayvonlar, qushlarning zikridan taʼsirlanadi. Tabiatni goʻzalligidan Alloh taoloning buyukligini his qiladi.

Oʻsha holatdagi manzarani tasavvur qilsak. Hamma tomondan hayvonlarning ovozi turli tuman boʻlib eshitilmoqda. Bilimizki barcha jonzotlar Alloh taoloni zikr qilib tasbeh aytadi, lekin ularning tasbehini biz idrok qilishdan ojizmiz. Ularning ovozi esa zikr qilayotgandek taassurot uygʻotadi. Bir ovozni qayta-qayta sayrab chugʻurlaydi, bu esa biz aytgan faqirning qulogʻiga, nafaqat qulogʻiga balki qalbiga "subhanalloh, subhanalloh, subhanalloh" deyotgandek boʻladi.

Ana shu ovozlardan taʼsirlangan faqir oʻzini bu qushlarga nisbatan gʻofil koʻrib bexosdan baqirib yubordi. Ularni doim tasbeh va tahlilda bani odam yaʼni odam bolalarini esa gʻaflatda qolgan deb aytdi. U holatda faqirning qalbidan kechgan hodisalarni tasvirlash mushkul ish.

Video va matnni "Mumtoz alifbo tahsili" onlayn oʻquv dasturi bitiruvchisi Sulton NIZOMIDDIN tayyorladi.

Manba:

1553-raqamli qoʻlyozma elektron nusxasi 64a—64b-sahifa, Leyden universiteti kutubxonasi.