← Barcha maqolalar

Firibgarlar hiylasi

Maqola · 4 daqiqa o‘qish

Erkak kishi aldanib qolishi uning sha’ni va darajasi uchun munosib emas. Chunki erkak degani bu eng avvalo farosat, aql va hikmatni uyg‘unlashtirgan inson demakdir. Farosati va aqli noqis hamda hikmatsiz odamgina aldanishga mahkumdir. Aldanish bechoralik emas, ahmoqlik deyiladi. Kishi qanchalik pokdil bo‘lmasin, yolg‘onchi va kazzob, makkor va firibgarlar borligidan ogoh bo‘lsin.

Shayton insonga dag‘allik bilan emas, shirin so‘z bilan keladi. Timsoh o‘ljasini tutish uchun to‘nkadek ko‘rinadi.

Firibgar odam kim? Birovning pulini qanday hiyla yo‘li bilan bo‘lsa ham tortib olib, shu pul bilan qorin to‘ydirib, kiyim kiyishni, bolalarini boqishni rejalashtirgan isqirtdir. Talonchi kuch bilan tortib olsa, makkor makr bilan olib qo‘yadi. Firibgar ham, talonchi ham bu ishni aniq reja bilan bajaradi. Har bir puli bor uning uchun o‘ljadir.

Firibgarlar avval o‘ljani tanlab olishadi. Firibgar mayda toifaga mansub bo‘lsa, o‘qigan, soddadil, mehnatkash, ayni paytda laqma va biroz qo‘rqoq va zaif odamlarni nishon etadilar. Agar firib bobida yuksak natijalar kasb etib, shon-shuhrat qozonib, baland-baland cho‘qqilarga chiqqan bo‘lsalar, katta-katta puldorlarni chuv tushirish uchun, balki ularni muttasil ravishda sog‘ib yurish uchun to‘r tashlaydilar.

Laqmalar ham ikki xildir: puli kam, mehnatkash va sodda laqma hamda otasi topgan pul evaziga “boy” bo‘lib qolgan laqma. Ota hayotning turli bolg‘alaridan yeb, toblangan, ammo o‘g‘il tayyor sharoitda maza qilib o‘sgani uchun na kurashchan, na qat’iy, na farosatli – tuzoqlarga eng ko‘p shu laqmalar ilinadi. Mehnatni ota qilgan – katta bir kompaniya qurgan, o‘g‘il unga puldorning o‘g‘li bo‘lgani uchungina ega chiqadi, bunday laqmaning burnidan ip o‘tkazib, istagan ko‘yiga solishni istaydigan uddaburon firibgarlar har qadamda mingta. Bozorda ham bunday firibgarlar sanoqsiz – chirigan pomidorini siz istagan kilodan urib qolib sotsa!

End firibgarlarning hiylalarini taftish etamiz.

Birinchi qadam – ishonchga kirish. Buning uchun bechora hamda mehribon rejimida ishlashadi. O‘zi kasal, bolasi kasal, oilasi juda qiyin ahvolda, lekin yana juda ham pokdomon, ibodatli, yumshoqdil – bay-bay, qip-qizil avliyo! Xullas, o‘zini farishta suvratida taqdim etadi. Oqibatda, laqmaning ishonchini zabt qiladi.

Ikkinchi qadam – oz-ozdan qarz so‘raydi. Masalan, yuz ming. Falon vaqtda qaytaraman deydi va shu vaqtda opkeberadi. Shu bilan xuddi qarz olmaydigan odamdek yuradi. So‘ng birdan paydo bo‘lib, endi ikki yuz oladi. Shu tariqa kam-kam qarz oladi, lekin har safar qarz miqdori oshadi. Qarz olishga majburligini shunday asoslaydiki, dissertatsiya himoya qilayotgan doktorant o‘z ishini shunchalik asoslay olmasligi aniq.

Uchinchi bosqich – uzoq vaqtlik tadqiqot qilib, firibgar sizdagi moliyaviy quvvatni bilib oladi hamda o‘sha miqdorda sizdan qarz so‘raydi. Shunday so‘raydiki, qaytarish kuni, hatto qandaydir foyda, qarzni qaytarish uchun asoslar – hammasi aniq va ravshan hisoblangan bo‘ladi. Siz qanday qilib unga pulni berganingizni bilmay qolasiz. Shu bilan firibgar qanot qoqmasdan uchib g‘oyib bo‘ladi. Uni endi topolmaysiz. Vassalom.
Lekin strateg firibgarlar puldorlarni doimiy ravishda so‘rib yurishadi. Bu xili juda tulki.

Shunday bitta firibgar bor, Qirg‘izistonda O‘shda yashasa kerak. Shvetsiyami, xullas, 2004-yilda bo‘lsa kerak, Yevropaga qochib ketib, fuqarolik olgan Muqim Mahmudning kuyovi. Muqim aka ham undan allaqachon yuz o‘girgan. Bu bolaning ismi Rahimjon Ali. 2021-yil yozda kelib, menga xotinim o‘lyapti qarz ber degandi. Laqmalik bilan Rustamjon domladan o‘n ming AQSH dollari oberganman. O‘shandan beri u yo‘q. Bir narsa qilib, bosim bilan 2 – 3 mingi olindi. Lekin qolganini yeb hazm qilib yuborgan. Holbuki, o‘sha pul yetimlarning puli bo‘lgan, Rustamjon domla yetimparvarlik faoliyati bilan shug‘ullanardi o‘shanda.


Xullas, rahimjon alidek orsizlar juda ko‘p. Uning uyiga odam yuborgandim, O‘shga. Borib kelganlar aytishdi: hech narsasi yo‘q qashshoq ekan. Shunday yo‘llar bilan odamlarni aldab pulini yeb yurarkan.

Gapning xulosasi shuki, sharafli odam muhtoj qolgani haqida aytmaydi, og‘rig‘ini dushman yoki yotga bildirmaydi. Dardini oshkor qilib yordam so‘rash esa aslida, mardonalik va asolatga ziddir.

Oʻzini bechora koʻrsatgan tilanchi odam kamida kazzob firibgar bo‘lib chiqishi hech gap emas.

Siz ehson qilishni istasangiz, asl muhtojlarni o‘zingiz izlab topib bering. Lekin laqmalar safiga qo‘shilib qolmang.

Akrom MALIK