Hikoyat: Bir malik bilan tengiz ko‘rmagan halab qul kemaga kirib…
Bir malik bilan tengiz ko‘rmagan halab qul kemaga kirib o‘lturdi. Ul qul chun tengiz ko‘rmagan dag‘i kema zahmatin chekmagan edi. Tahammul eta bilmadi qatti un bilan yig‘lab titramaga boshladi. Ne qadarkim lutf bilan aldab so‘zladilar foyda qilmadi. Malikning xotiri engan malul bo‘ldi. Ul kemada bir hakim er bor edi. Kelib malik xizmatina aytti: “Buyruqing bo‘lsa man ani sokin qilayim”. Aytti: “G‘oyat lutf bo‘lg‘ay!”. Hakim buyurdikim: “Tengizga soling!”. Soldilar, bir kez botib chiqdi. Ikkinchi botib chiqqanida sochindan tutib kema ustuna katurdilar. Ul qul ikki eli bilan kema yiblarina yapushti dag‘i kirib bir yerda tinib tek o‘lturdi. Hakimning bu ishi malikka g‘oyat xush keldi dag‘i so‘rdikim: “Bunda hikmat ne?”. Aytti: “Bu g‘arq bo‘lmoqning mehnatin totmayin, kema rohatining qadrin bilmayin edi. Emdi bu musibatni ko‘rdi, kema ofiyatining qadrin bildi”.
She'r:
Ey to‘q ko‘zungga arpa etmaki ko‘runmas xush,
Lekin manim ollimda izzatli mukarramdur.
A'rof erur jannat bog‘i saqar ahlina,
Kim ahli jinong‘a ul a‘rof jahannamdur.
Hikoya mazmuni:
Bir malik bilan dengiz ko‘rmagan halablik qul kemaga chiqishibdi. Bu qul dengizni ko‘rmagan, kemada kechadigan qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazmagan ekan. Dengizdagi hodisalarni anglay olmay qul qaltirab qattiq ovoz bilan baqirishni boshladi. Unga qancha bu yer xavf-xatarsizligini tushuntirsalar ham foydasi bo‘lmabdi. Malikning juda jahli chiqdi. U kemada bir hakim kishi bor ekan malik huzuriga kelib, “ruxsat bersangiz men uni tinchlantiraman” - dedi. Malik xursand bo‘lib ruxsat berdi. Hakim qulni dengizga tashlashni buyurdi. Tashladilar, qul suvga bir botib chiqdi, ikkinchi botib chiqqanida uni sochidan tutib kemaga tortdilar. Qul bu ishdan sokin tortib bir chetda sokin tortib jim bo‘lib o‘tirdi. Malik xursand bo‘lib hakimdan bu ishning hikmatini so‘radi. Hakim ayttiki: “Bu qul cho‘kishning musibatini, kemaning ofiyatda ekanligini bilmas edi. Bu musibatni boshidan o‘tkazgandi sokinlikning qadrin bilib bir chetda o‘tiribdi".
She'r mazmuni:
Sening to‘q ko‘zing arpa nonini xush ko‘rmaydi,
Lekin u men uchun izzatli va mukarram.
A‘rof jahannam ahli uchun jannat bog‘idir,
Lekin jannat ahli uchun a'rof jahannamdir.
Manba:1553-raqamli qoʻlyozma elektron nusxasi 20b,21a va 21b-sahifalar, Leyden universiteti kutubxonasi.
Ilmiy maslahatchi:
Akrom MALIK,
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Qo'lyozma matnini ovozlashtirish va videomontaj ustasi:
Davlatbek Mashrab,
“Mumtoz alifbo tahsili” onlayn o‘quv dasturi 3-sinf o‘quvchisi.