Dunyoning og‘ir yuki – g‘amdir. U yurakni charchatadi, ruhni toliqtiradi, hatto…

Dunyoning og‘ir yuki – g‘amdir. U yurakni charchatadi, ruhni toliqtiradi, hatto horigan ruh o‘zini tashlab yuboradi, tik turgisi kelmaydi, shu sababli qayg‘uli odamlar holsiz bo‘lib, yotib qolishadi.
Eng yaxshi do‘st – sen uchun g‘am yuta oladigan do‘stdir. Aslida, sening g‘amingni ko‘tarishadigan odam do‘st deyiladi.
Inson uchun g‘amning sabablari ko‘p. Eng og‘ir sabablardan biri – farzandning ko‘zyoshi va baxtsizligidir. Ota-ona bu g‘am qarshisida ojiz qoladilar. Ota-onaga xizmat ularga kechqurun to‘shaklarini to‘shab, ertalab issiq suvni tahorat uchun tayyorlash yoki mazali taomlar bilan mehmon qilishdan iborat emas, balki ota-onaga boshingga tushgan qayg‘ularni bildirmasliging eng ulkan yaxshiligingdir. Esi yo‘q va kaltafahm odamlar o‘z muammolarini ota-onaga ro‘para qilishadi.
Undan ham afzali – baxtli va shodon yashamog‘ingdir. Muammoga olib boradigan ishlarni qilmasligingdir. Zotan, inson o‘z xatolari sababli g‘amga uchraydi. Gunohlari va nafsiga erk berganligi uchun uning yelkasiga iztirob toshlari qo‘yiladi. Agar odam gunohlardan tiyilsa, nafsini jilovlab, Haqqa bo‘ysundirib yashasa, baxtsiz bo‘lmaydi, aks holda, baxtsiz bo‘ladi, so‘ng ota-ona azob tortadi. Hatto ota-ona o‘tgan bo‘lsa, ruhi chirqiraydi.
Shu choqqacha ota-onalarimizga yetkazgan ozorlarimiz uchun ulardan kechirim so‘raylik. Endi baxtli yashab, u qayg‘ularni unuttiraylik. Ularning ruhi charchab qolmasin.
Ota-onasini o'z g'amlari ila yig'latganlarga Alloh bor.
Akrom MALIK