Ertak: (Hikoya)

(Hikoya)
Bir inson qirq yoshga kiribdi. Jismi kuchga to‘lib, aqli kamolga yetibdi. Qo‘lidan kelmaydigan ish yo‘q ekan: tog‘ni ursa talqon qilar emish. Chunki u asilzoda oilada tug‘ilib ulg‘aygan; mehnatkash, dono, vijdonli va oilasevar ekan. U hammaga mehribon, rostgo‘y va samimiy ekan. Saxiy ekan, karamli ekan. Haddan tashqari xudojo‘y ekanki, hamma uni olim, zohid va obid deb chaqirarkan.
Ammo bir kuni ajoyib bo‘libdi: ertalab uyg‘onganida o‘tmishi esidan chiqib qolgan ekan. Otasi kim, onasi kim – bilmas emish. Xudoni mutlaq unutvorgan ekan. Bolalari va xotinini eslabdi-yu, ularga befarq qarabdi. Hamma xavotirga tushibdi.
Qiziq jihati, u ota-onasini ko‘rganda quturib, tishlashga urinar ekan. Undagi holdan ota-ona hayron bo‘libdi, qo‘rqibdi, tabibga ko‘rsatibdilar. Tabib uni soppa-sog‘ depti. Ammo u ota-onasini bu ishi uchun haddan tashqari yomon ko‘rib qolibdi.
Xotini bilan ishi yo‘q emish. Bolalariga beparvo ekan. Yo‘q, u tungi ishlarni, kundalik ishlarni qoyillatarkan, masalan, tirikchilik uchun hamma narsani muhayyo qilarkan. Xotin ilgari uydan chiqmaskan, keyin ko‘chaga chiqipti. Keyin ziynatlanib, bemalol istagan erkagi bilan do‘stona suhbatlashadigan ham bo‘pti.
O‘g‘il va qizi esa kechasi bilan daydib, ertalab quyosh yoyilguncha uxlaydigan bo‘pti. Ammo u indamaskan. Hatto bolalari va xotinidan so‘kish eshitib ham o‘tirarkan. Ha, endi ularning so‘zlashga haqqi bor der ekan.
Oxiri xotini boshqa erkakni sevib qopti-da, uydan chiqib ketibdi. Bitta o‘g‘li narkaman, bitta qizi fohisha, bitta bolasi o‘g‘ri bo‘pti. Kenjasi esa universitetga o‘qishga kirib, bitiribdi va poraxo‘r mulozim bo‘lib yetishibdi. Lekin u bularning hammasi xotirjam qarar va hamma o‘z hayotini o‘zi quradi der ekan.
Nihoyatda munkillab qolgan ota-onasi bir kuni uning uyiga kelishibdi. Chol-kampir yig‘lapti. Ne kunlarga qoldik depti. Bolalaringni qara, ne ahvol, bu ne parokandalik depti. Sening yigirma yil oldingi aqling qani, kimga aylanib qolding deyishpti. Nima qilay depti u. Xotining, bola-chaqangga yaxshi tarbiya bermading, sal qattiq turmading depti chol-kampir kuyinib. Nima, uyni ularga zindon qilaymi depti u, hamma o‘z hayotini o‘zi quradi, hamma erkin depti yana.
Chol-kampir yana hiqqillagan ekan, ayniqsa, xudoning oldida ertaga nima deysan degan ekan, uydan bolta opchiqib ikkisini ham chopib o‘ldiripti. Sizlar odamni shunaqa kopir dep manipulyatisya qilasizlar depti. Keyin esa ularni hovlidagi basseyn tagiga ko‘mib, ustidan sement qilip qo‘yibdi.
Bu haqda pes degan bitta xoinga aytibdi. Pes uni rosa olqishlabdi va chirigan o‘tmishni shunday qilish kerak, boplabsan depti. Pesning kasbi chizmakashlik ekan.
Eng qizig‘i, hech kim uni bu ishi uchun ayblamapti. Chol-kampir basseynning tagidagi semonni yorib chiqmasmikin depti bittasi astoydil xavotirlanib. Yo‘q depti u gerdayib. Chiqsa, yana kirgizvoraman depti.
U evrilish degan hikoyani o‘qirkan sevib, hatto manqurt haqida ham bilarkan. Jamiyatning befarqligi va odamlarning odamgarchilikdan chiqip ketgani haqida esa doim gapirib yurarkan.
Shu bilan ertak tugapti.
Akrom MALIK