Haqiqatning badali

Bu dunyo yolg‘onga to‘lib-toshganini bilasanmi? Chunki yolg‘on shirin. Haqiqat – achchiq. Yolg‘on nafsning talabi, haqiqat Haqning talabi.
Banda dunyoga Haqni sevmoq uchun keldi. Haqqa esa haqiqat bilan boriladi. Lekin ma’shuqqa yetmoq hamisha qiyin bo‘lgani kabi haqiqat yo‘lida yurmoq mashaqqatlidir. Haqiqatning badali qimmat.
Qanday badal bor bu yo‘lda?
O‘g‘il haq yo‘ldagi otaga isyon qilib, ukasini o‘ldirishi mumkin. Unday bo‘lmasa, Qobil Hobilni o‘ldirar edimi?
Xotin va bolang tug‘yonga ketib, halok bo‘lishlari mumkin, unday bo‘lmasa, Nuh alayhis-salomning xotini va o‘g‘li halok bo‘larmidi?
Jirkanch qavmiga muhabbat qilgan xotin erining haqligini bila turib, jirkanchlikni sevaverishi mumkin, yo‘qsa, Lut alayhis-salomning xotini ifloslikka cho‘kkan qabilasi halokati uchun oh tortarmidi?
Shunchaki to‘g‘ri yo‘lda bo‘lganing uchun seni arralashlari ehtimoldan xoli emas, Zakariyo alayhis-salomni eslagin-a.
O‘z qavmingga qanchalik yaxshilik istama, ular senga yomonlikdan to‘xtamasliklari juda oddiydir. Muso alayhis-salomga bo‘lgan zulmlarni esla.
Sening naqadar rostgo‘y va halolligingni bila turib, amaking eng katta dushmanga aylanishi mumkin! Abu Lahab kim edi, axir?
Ammo haqiqatning ajib xosiyatlari borki, butparast emas, but yasovchi o‘g‘lidan payg‘ambar chiqqan, Ibrohim alayhis-salomga boq!
Hatto oʻgʻling boshini tigʻga tutadiki, Ismoil alayhis-salom kabi!
Zolimlarning jazosini beshikda daryoda oqib, keyin duduq bo‘lgan bir chaqaloq ulg‘aygach, bera oladi – Muso alayhis-salom qissasi yodingdami?
Haqiqatdan chekinmasang, xotining senga jon fido etib, qavmning eng kuchlilari ham senga do‘st bo‘ladilar. Xadicha, Umar, Hamza, Xolid ibn Valid roziyallohu anhumlarning hayotlariga nazar sol!
Haqiqatni topdingmi, himmatli bo‘l, muhabbatli bo‘l va qalbingni yolg‘iz Haqqa topshir. Haqdan boshqaga qalbni bog‘lama. Haq uchun sev, Haq uchun nafrat et, Haq uchun yasha. Haqda yurganlar uchun joningni azobla, haqiqatdan kimki chiqsa, abadiy yuz o‘gir, ishon, zarra ham iztirob chekmaysan.
Akrom MALIK