So‘zimni Allohning ismini zikr qilgan holda ko‘z tegmasin deb boshlayman.

So‘zimni Allohning ismini zikr qilgan holda ko‘z tegmasin deb boshlayman.
Xalqqa xizmat qiladiganlar haqida gapirish biram maroqli. Chunki ular millat haqidagi yoqimsiz tasavvurlarni yo‘qqa chiqaradilar, mukofot va maqtov tama qilmasdan qilgan ishlari bilan dushmanlarning ko‘ziga tuproq sochishadi. Elning iqboli haqida umidvor bo‘lishga yetaklaydi. Ular o‘zining barcha yaxshi sifatlari va xulqlari bilan qalblarning muhabbatini qozonadi.
Menimcha, Yangi O‘zbekistonni ana shunday millatiga shaydoyi, xalqiga fidoyi, haqiqatning gadoyi bo‘lgan yigitlar qurishadi. Menimcha, shulardan biri “Qamar” fenomeni bo‘lsa kerak.
“Qamar” bilan 2020-yilning kuzidan beri bevosita tanishman. “Qamar”ning nuri xalqimiz xonadonlarini, minglab odamlar qalbini munavvar etib kelayotgani shohidiman.
“Qamar” bu shunchaki pul topish vositasi emas. Uni kitobdan pul topaman degan odam qurmadi. Pul topaman desa, kitobdek mashaqqatni yelkaga olish shart emas edi, shunchaki, chetdan latta-putta opkelsa, pulning tagida qolish imkoni yetarli.
“Qamar” kitob bilan xalqning ko‘zidagi zulmatni ketkazaman degan himmat ila porladi.
“Qamar”ning jasorat va haqiqat oshig‘i ochdi. U kerak o‘rinda haqqini qanday talab qilishni biladi. Haqiqatni gapirishdan chekinmaydi.
“Qamar” fenomeni ortida sadoqat turibdi. Bu do‘stlarga, xodimlarga, ota-onaga, oilaga, asosiysi, yo‘lga sadoqatdir. Hech qachon xiyonatni bilmaydigan bir manbadan porlagan bu “Qamar”.
Kimgadir uning nurlari yoqmasa ham kerak. Ko‘rshapalakning ko‘zi nurdan bezgandir. Shu sababli “Qamar” ichidagi chiroqlarni kimdir o‘chirib ketar, balki ko‘tarib ketar. Lekin bu chiroqlar yurakka yoqilgan bo‘lsa, ularning harakatlaridan ular uchun biror natija yo‘q.
“Hayratul abror”ga yozilgan sharhning 2022-yilgi nashridan qolgan biroz qismi bor edi, shuni imzo bilan kitobxonlarga tarqatdik, “Qamar” bu borada ko‘makchi bo‘ldi. “Qamar” bu san’at asaridir. Bunga bugun maza qilib guvoh bo‘ldim – ish boshqaruvchilari, sotuvchilari, kitobni tashuvchilari, xullas, har bir xodim kitobni sevadi! Hech kim adashib unga kirib qolmagan. Ma’rifatga oshiqlarni “Qamar”ga jamlab qo‘yish san’at emasmi, axir?
Aytilsa, biror ishni qilish, unga qadar jim o‘tirishni nima desak bo‘ladi? Bersang, yeyman; ursang, o‘laman deganimi bu? Ammamning buzog‘i bo‘lishmi bu? It yotish, mirza turishmi? Nima deb atalsa ham, bu zaiflik demakdir. Lekin ichdan olov yonsa-chi? O‘zi sevgan kasbni o‘zi yonib topsa-chi? Shu ishni muhabbat ila bajarsa-chi? Ana shudir millatni uyg‘otadigan asl quvvat!
“Qamar” ana shu quvvatning bulog‘idan chiqqan. “Qamar” haqida uning ta’sischisiga hech kim o‘rgatmagan, hech kim amr bermagan, hech kim, hatto yo‘l ko‘rsatmagan. Ichdagi olov sababli bu nur paydo bo‘lgan. Shu nur, shu mehr, shu shavqni har bir qalbi uyg‘oq sezishi kerak.
Va Yangi O‘zbekistonga kim xizmat qilmoqda, uning yangi ekanligini kim tasbit etmoqda. “Qamar”ni bir misol qilsak bo‘ladi. Va mukofotlarni ham shundaylarga berish kerak.
Akrom MALIK