← Barcha maqolalar

Bugun Sizlarga shayx Mirzo Ahmad Xushnazar Termiziy haqida aytib beraman.

Maqola · 4 daqiqa o‘qish

Bugun Sizlarga shayx Mirzo Ahmad Xushnazar Termiziy haqida aytib beraman.

Bu kishining ismi — Mirzo Kenjaboyevdir.

Mirzo aka 1956-yil 20-fevral kuni tug'ilgan. Surxondaryoda. Sariosiyo tumanida. Mehnat degan qishloqda. Qishloq nega bunday nomlangani menga noma'lum, lekin asl nomi, har holda, boshqacha bo'lsa kerak. Chunki mehnat qizil imperiyaning siyosiy vositasi edi. Balki bir qadim qishloq nomini mehnat deb o'zgartirgandir — menga qorong'u. Lekin anig'i, Mirzo aka shu qishloqda tug'ilgan.

Va yana anig'i, Surxondaryo — ma'rifat daryosi. Avliyolar diyori. Sahobalarning yurtimizda ilk qadami yetgan tuprog'i. Shu qadar ko'p valiylar dafn etilganki, Payg'ambarimizning , sollallohu alayhi va sallam, isi kelib turadi go'yo.

Termizning tarixdagi mashhur nomlaridan biri "Madinatur rijol", ya'ni chinakam erkaklar shahri ekan. Dushmanga sira ham taslim bo'lmaydigan yigitlar makoni ekan-da, Termiz.

Surxondaryo alohida qissa, Mirzo aka shu qissaga ajoyib bo'lib kirib kelayotgan qahramonlardan.

Mirzo aka, eng avvalo, shoir. Noyob iste'dod. So'z sohibi. Zargar bo'lishi kerak bo'lsa, so'zning haqiqiy zargari shu odam. She'rlari rosmana she'r — hikmat bulog'i.

Mirzo aka zo'r shoir bo'lib, shu bilan cheklansa bo'lardi. Ammo himmatni buyuk qildi — 40 dan oshganda bo'lsa kerak, Toshkentagi Islom oliy ma'hadida tahsil oldi, arab tilini o'rganib, din ilmlariga sho'ng'idi. Ulug' pirlar etagini tutdi.

Natijada, uzoq yillik riyozat va ixlosli mehnat oqibatida bugun "Fayzul Furqon" degani tafsir muallifi bo'ldi.

Mirzo aka — yurtimizning sanoqli oriflaridan. Qalbida Vatan qayg'usi, millat sevgisi bo'lgan mardlardan. Diyonat yukini mardona bo'lib, yelkasiga olgan zotlardan.

Mirzo akaning Mirzo Ahmad Xushnazar Termiziy degan taxalluslari ham bor.

Mirzo akaning ilmi, mehnati bir necha kitoblarga jo bo'lgan.

Ne baxtki, shu kitoblardan bir qanchasi hamon mavjud ekan. Afsus, u kitoblardan kitobxon xalqimiz bexabar va bebahra. Tasodifan, o'sha kitoblar ro'yxati qo'limga kelib tushdi va buni Sizlarga ulashishga qaror qildim. Shu bahona Mirzo aka haqida bilganlarimni ham yozdim.


1. FAYZUL-FURQON. Qur’oni karimning yangi o‘zbekcha tarjimasi. Oldingi tarjimalarning eng yaxshi fazilatlarini o‘zida jamlagan ishonchli tarjima.

2. ASH-SHAMOIL AL-MUHAMMADIYYA. Hazrati Imom Termiziyning bu jahonga mashhr kitobi eng go‘zal sharh va fiqhiy izohlar bilan boyitilgan, ishonchli tarjima. Bu kitob O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan arab va o‘zbek tillarida podshohona nashr etilib, Iordaniya podshohiga sovg‘a qilingan. .

3. HAZRATI QUSAM IBN ABBOS – SHOHI ZINDA (roziyallohu anhumo). Bu kitob O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan arab tiliga tarjima qilinib, arab va o‘zbek tillarida podshohona nashr etilgan va Iordaniya podshohiga sovg‘a qilingan.

4. Bobur. KULLIYOT. 6 jldlik. 1-jild DЕVON. 2-jild “Mubayyan va nasriy bayoni”. 3-jild “Aruz risolasi”. 4-jild Boburnoma – Farg‘ona davri voqealari. 5-jild Boburnoma – Kobul davri. 6-jild Boburnoma – Hindiston davri.

5. TASAVVUF VA GO‘ZALLIK. Avliyolar – Alloh do‘stlarining yo‘li bo‘lmish TASAVVUF ta’limoti haqida dilkan suhbatlardan iborat sevimli kitob.

6. HAQIQIY SЕVGI – Alloh sevgisi. Ilohiy Muhabbat yo‘llarini o‘rgatadigan sevimli kitob.

7. MURSHIDI KOMIL HIKMATLARI. Saralangan himatli so‘zlar. Inson ma’rifat, muhabbat, ixlos yo‘llarini o‘rgatadigan sevimli kitob.

8. RISOLAI VOLIDIYYA NAZMIY TARJIMASI VA SHARHI. Buyuk Shayx va avliyo Xoja Ahrori Valiy hazratlari asarining nazmiy tarjimasi va go‘zal sharhi. Qalbni uyg‘otadigan sevimli kitob.

9. HAYOT SADOLARI. Mirzo Kenjabekning yangi ruhdagi va Ilohiy ishq mavzuyidagi she’r va ruboiylari.

10. NOMUS JANGGOHI. Mirzo Kenjabekning erk va ozodlik kurashlari aks etgan mashhr she’rlari.

11. OZOD QALB. O‘zbek xalq yozuvchisi Shuhratning qamoqdagi hayoti. Ta’sirchan va sermazmu kitob.

12. RISOLAI SUJUDI SAHV. Namozda sahvga yo‘l qo‘yganda qaanday sajdai sahv qilinishi haqida eng ishonchi va sevimli kitob.

13. MUKAMMAL KO‘RGAZMALI TAJVID: Qur’on o‘qishni va yodlashni o‘rganuvchilar uchun sevimli kitob. .

14. MUTASHOBIHOT. (Lafzan bir-biriga o‘xshagan oyatlar.) Qur’on qoriylari uchun foydali va sevimli kitob.

15. FUZULIY. O‘zbek xalqining o‘z sevimli shoiriga aylanib ketgan buyuk ozarbayjon shoirining Tanlangan asarlari. Arba’iyn – QIRQ HADIS nazmi o‘rin olgan.

16. MAXTUMQULI. O‘zbek xalqining o‘z sevimli shoiriga aylanib ketgan buyuk turkman shoirining Tanlangan asarlari. Turkman tilidan o‘zbek tiliga tarjima. Bu kitobni O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston Prezidentiga sovg‘a qilgan.

17. DUO. AVRODI SHARIF. Qur’oni karim va eng sahih hadislarda kelgan duolar. Dunyodagi duo va vird kitoblarining eng afzali va eng ishonchlisi. Unda Allohning go‘zal ismlari va ularning ma’nolari ham jamlangan.

Menimcha, bu kitoblarning har birida bir qiymat bor, agar har biridan bittadan olsak, ham katta boylikka ega bo'lamiz.

Boylar ham himmatini ko'rsatishsa bo'lardi — olib talabalarga, ilm muxlislariga sovg'a qilishsin. Sadaqayi joriya bo'lur edi!

Ochig'i, murojaat uchun aniq bir odam manzilini topmadim, shu botga yozsangiz bo'ladi deb o'ylayman:

👉 @xojagonkitoblaribot

Bu xitobni ko'pchilikka yetib borishi uchun hissa qo'shingizlar!