← Barcha maqolalar

Ustoz adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karim…

Maqola · 4 daqiqa o‘qish

Ustoz adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karim ajdodlarimiz qo'llagan turkiy alifboni eski emas, mumtoz deb atashni taklif etmoqdalar. Bu haqida batafsil o'qing:

“ESKI”MI yo “MUMTOZ”?

Keyingi yillarda jadidlar ijodi va vaqtli matbuotiga murojaatlar kuchaydi. Bu bir asrlik tarixiy manbalar bilan mashg‘ul bo‘lganlar o‘sha davr yozuvini bilishi, ularni o‘qishi, yangi ma’lumotlar uchraganida quvonishi tabiiy bir hol.

Jadidlar va ulardan avval yozilgan tarixiy-adabiy asarlar tahlil va talqin mahali “eski o‘zbek yozuvi”, “arab imlosiga asoslangan o‘zbek eski yozuvi”, “arab alifbosidagi eski yozuv”, “eski o‘zbek tili” kabi ta’birlar ishlatiladi. To‘g‘risi, o‘n asrdan ko‘proq muddatda amalda bo‘lgan yozuvga tegishli bu atama-birikmalar haqida o‘ylanib qoldim.

O‘yimni tilimiz tarixi bilimdonlariga aytdim. Ularning ayrimlari ham mening holimga tushishdi. O‘ylanishdi. Beixtiyor masala yechimini til siyosatiga, o‘tmishdagi bebaho adabiy-ma’naviy merosni zamondan ajratishga uringan mafkura korchalonlari ustiga yuklash, til va yozuvga siyosiy tus berish tarafdorlari ham bo‘ldi.

To‘g‘ri, o‘ris tilida yozilgan “Grammatika starouzbekskogo yazika” tipidagi kitoblar ham yo‘q emas. Ammo bugungi kunda o‘zbek olimlarining darslik va o‘quv qo‘llanmalarini “eski” ta’biri bilan nomlash hollari ko‘p uchraydi. Zotan til tarixi kitoblarida aynan “eski” atamasi bilan bog‘liq juda ko‘p harxilliklar bor.

Oliy o‘quv yurtida o‘qitiladigan kurs ham “Eski o‘zbek yozuvi va tili” deb ataladi. Bunday nomlanish talabada mumtoz adabiy-ma’rifiy merosga nisbatan allaqanday begonasirash va oraliq masofani uzoqlashtirish kayfiyatini uyg‘otadi.


Yaqin tarixda “Eski o‘zbek yozuvi” nomli maxsus qo‘llanmalar ham nashr qilingani ma’lum, ular hozir ham amalda.

Arab imlosiga asoslangan yozuvni nomlash yuzasidan tadqiqotchilar orasida muhokamalar bo‘lgani shubhasiz. Zero, o‘tgan turli davrlarda bu yozuv va tilga nisbatan “eski o‘zbek yozma adabiy tili”, “eski turkiy til”, “eski o‘zbek tili”, “eski o‘zbek tilining klassik bosqichi”, “eski o‘zbek klassik yozma adabiy tili”, “chig‘atoy turkchasi”, “klassik chig‘atoy tili” va shu kabi ko‘plab nomlar bilan atalgani kuzatiladi.

Nima bo‘lganida ham xun-runikdan keyin, uyg‘ur yozuvi bilan yonma-yon, parallel qo‘llangan yozuvni har qanday vaziyatda arabiy alifbo birlashtirib turadi. Shu birlik negizida paydo bo‘lgan manbalarning tili va yozuviga nisbatan “eski”ni qo‘llash noo‘rin.

Tanqid oson, yechimi qanday? Menimcha, “eski”dan voz kechib, “mumtoz”ni qo‘llash lozim. Qolaversa, ayrim ilmiy adabiyotlarda “klassik” ham qo‘llanibdi. Bizda “eski o‘zbek tili” atamasiga o‘xshagan “eski o‘zbek adabiyoti” ta’biri deyarli ishlatilmaydi.

Bir dunyoda muayyan bir millat borlig‘i va birligini milliy tili va adabiyoti belgilab beradi. Ular — et bilan tirnoq, birini ikkinchisidan ajratib bo‘lmaydi. Birini “eski” va ikkinchisini “mumtoz” tarzida nomlash o‘rinli emas, menimcha.

“O‘zbek mumtoz adabiyoti” atamasi bugun muomalada faol ekan, shunga muvofiq “o‘zbek mumtoz yozuvi”, “o‘zbek mumtoz tili” tarzida nomlash har jihatdan o‘rinli, deb o‘ylayman.

Kimdir N.Erkilmann, A.Frezkayner yoxud D.Sekretaya kabi dunyoga mashhur sotsioprotlingvistlardan iqtiboslar olib, balki bu gapga e’tiroz bildirishlari ham mumkin. Aslida ilmda fikr o‘zgarishi, rivojlanish va taraqqiyotni inobatga olish muhim.

Menimcha, aslida “eski”dan voz kechishni taraqqiyot deb hisoblab bo‘lmaydi. Bunga o‘zlikni anglash, o‘z-o‘zini kamsitish va pastga urishdan voz kechish deb qarash o‘rinlidir.

To‘g‘risi, bir sidra qaraganimda “eski” yoki “qadimgi nemis tili, alifbosi”, “qadimgi rus” yoki “eski rus tili va alifbosi” tarzidagi atamalar ilm-fan iste’molidan o‘rin olibdi. “Qadimgi”, “eski”, “yangi” kabi sifatlar dunyo tillari tasnifi va yoki tarixini davrlashtirishda ham bor.

Bu dalilni ko‘pchilik biladi. Ammo dunyoda o‘sha toifadagi qator tillarga tegishli “eski alifbo” – uning eskicha shakldagi ko‘plab harflari bugun amalda emas.

Ayni voqelikdan farqli o‘laroq bugun biz “eski yozuv” degan alifbodan hozir ham dunyoning ayrim mamlakatlari aholisi, xususan, afg‘onistonlik, arabistonlik o‘zbeklar, uyg‘urlar amalda foydalanishadi.

Bu esa alifboning “eski” emas, balki, “tabarruk” va “mumtoz” ekanini ko‘rsatadi. “Mumtoz” so‘zi “saralangan, ajratilgan” ma’noni anglatadi. XX asrda mumtoz yozuv umriga barham berildi, mumtoz yozuv yangi zamondan ajratildi.

Holbuki, ayni yozuvda o‘zbek mumtoz adabiyotining eng sara — saralangan bebaho asarlari yozilgani aslo inkor qilib bo‘lmaydigan haqiqatdir.

Holbuki, ko‘pasrlik o‘zbek mumtoz adabiyoti o‘zbek mumtoz yozuvi va o‘zbek mumtoz tili hamda betakror poetik tafakkuri mahsulidir.

Darvoqe, bu fikrga qo‘shilmaydigan kimdir odatdagidek “hissiyotga berilmang” deyishi ham mumkin. Aslida hissiyot – bebaho tuyg‘u. Muammolar his qilish, anglash, tuyg‘ulanish va haqiqatni tuyish ortidan yechim topadi.

Jadidlar yangilikni, yangilanishni, o‘rinli taklif va mulohazalarni xush ko‘rishar edi.

Xo‘sh, siz nima deysiz, “eski”mi yo “mumtoz”?

Bahodir NURMUHAMMAD

***

Akrom Malikdan ildirgi:

Ustozning mulohazasidan ilhomlanib, "Turkiy alifbo tahsili" deb nomlangan loyihamizni "Mumtoz yozuv tahsili" deb atash istagi tug'ildi, nima deysizlar?

Ushbu matnga ilova qilingan videoda 3-sinf o'quvchilarimizdan bo'lgan Nargiza Xudoybergan Sayfi Saroyi hazratlari qalamiga mansub "Turkiy Guliston" kitobi qo'lyozmasidan 3-bob, 5-hikoyatni o'qimoqdalar (164-165-bet).

Hikoyat Ardasher bobokon siyratindan bir kunda yuz dirham vazndan ortiq yemak yemoqlikning zarari haqidadir.

Mumtoz yozuvda mumtoz matnni o'qimoq shundoq bo'lur!