Barqaror va beqaror

Bir savol o‘rtaga chiqib qoldi: beqaror odamning sifatlari qanday bo‘ladi?
Tajribadan kelib chiqib aytildiki, beqaror odam vaziyatni to‘liq hisobga olmay qaror qiladi. So‘ng tezda u qarordan voz kechadi, yangi to‘xtamga keladi, ammo uni ham to‘liq amalga oshira olmaydi.
Beqaror odam shoshqaloq bo‘ladi va har qanday holatda eng birinchi bo‘lib fikr bildiradi. Fikrim to‘g‘ri bo‘lsin deb emas, tinimsiz gapirib turishim kerak deb o‘ylaydi.
Xulosa va yondashuvlari aniq asoslarga suyanmaganligi uchun boshqalardan o‘z fikriga qarshi fikr eshitsa, tezda o‘zgaradi, eng qizig‘i, bu o‘rinda ham unga berilayotgan fikrlarning asosli ekanligiga qiziqmaydi, balki hissiyotli ohangda, baland ovozda, tahdid bilan yoki maqtov bilan unga qandaydir fikr aytilsa, yetarli – o‘sha tomonga o‘tib oladi.
Asosli, hujjatli va to‘g‘ri fikr aytilsa ham, qaysidir vaqt qo‘rquv yoki hayajon ustunlik qilsa, avvalgi qaror va ahdining chegarasidan o‘q yoydan chiqqandek chiqadi va eski aytganiga teskari ish ham qilib yuboraveradi.
Boshlagan ishini hecham oxiriga yetkazmaydi, qizig‘i, har qanday yaxshi ishga katta qiziqish bildiradi, zavqlanadi, tarafdor bo‘ladi, yeng shimarib kirishadi, lekin juda tez hafsalasi pir bo‘ladi va o‘sha ishni o‘lda-jo‘lda qoldiradi.
Beqaror odamni kayfiyati boshqaradi, u kayfiyatini boshqara olmaydi.
Beqaror odamdan sodiq do‘st, sirdosh, uzoq yo‘lga boradigan yo‘ldosh chiqmaydi. Beqaror odamdan qochish va undan uzoqda turish kerak. U bilan hamkorlik qilish mumkin emas. Hech qachon aytilgan vaqtda aytilgan ish bo‘lmaydi. Beqarorlarning eng xunuk kasali – o‘zini xuddi muhim ish ustida yurgandek ko‘rsatishlaridir.
Ular kechagi do‘stlarni bugun og‘iz ko‘pirtirib yomonlaydilar, berilgan yordam va ko‘maklarni unutadilar va beqarorlardan hech qachon katta ish qolmaydi.
Barqaror odam sabrli, shoshilmaydigan, yetti o‘lchab bir kesadigan, natijalar uchun shoshmaydigan, belgilab olgan maqsadi yo‘lida har kuni ishlaydigan, har kim bilan gaplashavermaydigan, har kimning gapiga qarab qaror qilmaydigan, salga qarorlarini o‘zgartirmaydigan, bir ishni tugatmay turib, ikkinchisiga o‘tmaydigan, qo‘rquv yoki hayajon, charchoq yoki kasallik sababli vazifasini unutmaydigan, biror marraga yetish yo‘lida, yiqilsa, yana o‘rnida turadigan, yana yiqilsa, yana harakat qiladigan, maqsadidan voz kechmaydigan, do‘st tanlashdan shoshmaydigan, do‘st tanlagach, uning katta-kichik nuqsonlariga sabr qiladigan, u nuqsonlar tuzalishi uchun kurashadigan, qisqasi, izidan qaytmaydigan arslon, so‘zidan qaytmaydigan yigitdir.
Inson beqaror bo‘lsa, buni yengolmasa, biror barqarorga ergashmog‘i kerak. Barqarorlar beqarorlarga ibrat bo‘la oladi. Kasalligini muolaja etadi.
Akrom MALIK