“Eringga qul boʻlma, oʻzing boʻlib qol, sen choʻri emassan, orzularingga erish, sen…
“Eringga qul boʻlma, oʻzing boʻlib qol, sen choʻri emassan, orzularingga erish, sen bola tugʻadigan inkubator emassan, qaynonaga xizmat qilish majburiyati mavjud emas” hamda shu kabi gaplar qanchalik biryoqlama va xato boʻlsa, “Gah deganda, xotin qoʻlga qoʻnsin, xotinning biror aytgan gapini qilma, xotinni qayirib ol” deganga oʻxshash safsatalar ham mutlaq tuzuk gap emas.
Maqsad – er va xotin sakiynat ichida, halovat bagʻrida yashab, bolalarni dunyoga keltirib, insoniyat hayoti boqiy qolishi uchun hissa qoʻshish; olamda odamiylikni saqlab qolib, rahmat va shafqatni keng yoyishdir. Agar er-xotin halovatli yashamasa, ajrashadi; har bir ajrashish ikki tomonda ham chuqur jarohat qoldiradi; farzandlar boʻlsa, ularning ruhiy kemtikligi bir taraf, ammo axloqiy tanqislik ichida oʻsadi, yetarli axloq olmagan bola kelajakda noqobil amallar qilguvchi boʻladi. Xudo koʻrsatmasin, nikohsiz tugʻilgan bolalar boʻlsa, ularning koʻp tomondan nuqsonli boʻlishi ehtimoli katta. Bu ham yaxshi va qobil tarbiyaning yoʻqligi bilan bogʻliqdir.
Ota-onasiz ulgʻaygan, ota va ona tarbiyasini toʻliq koʻrmagan bolalar hissiy beqaror, ruhiy majruh, mas’uliyatsiz boʻlib qolishlari koʻp kuzatiladi, ayniqsa, ular orasidan jinoyatchilar ham koʻp chiqadi. Jamiyatda noqobil xulqli va hissiy buzuq odamlar miqdori qancha koʻpaysa, umumiy hayot tarzi shuncha buziladi – halol va harom, insof va diyonat qolmaydi; odamlar orasida vahshiylik, riyokorlik, ikkiyuzlilik, sotqinlik va jamiyki buzuq illatlar gurillab avj oladi. Natijada, insoniyat hayoti xatar ostida qoladi – ma’nan va jisman buzilgan nasllar qirilishni boshlaydi, bu oʻz-oʻzidan sodir boʻlmaydi, avval jamiyat qarib ketadi – qariyalar soni oshadi, yosh ishchi kuchi boʻlmaydi, koʻpayish kamayadi, kasalliklar natijasida, shuningdek, hissiy va aqliy rivojlanmagan, xulqiy va madaniy tarbiya olmagan odamlar turli jinoyatlar, avtohalokatlar bilan oʻlimni ziyoda etadilar. Ya’ni qarilik, xastalik, tushkunlik va oʻlim koʻp, yoshlik, salomatlik, koʻtarinkilik va yashash kam. Bu hol sekinlik bilan odamzodning jisman qirilib ketishiga yoʻl ochadi.
Shunday ekan, oilani saqlab qolish hamma jihatdan oʻta muhimdir. Oilada er-xotin urushib qolsa, darrov birga yashamayman, ajrashaman deb oʻylay boshlashi, shuning uchun harakat qilishi fahmning oʻtmasligidandir, bunga ularni ragʻbatlantirish esa ayni xiyonat sanaladi.
Aksincha, er-xotin hamma muammoni tashqariga isini chiqarmay oʻzlari hal qilishsin, bu oʻrinda ular bir-birlariga sabr qilishlari, ayniqsa, er xotinning tuygʻuga berilib, har narsalar deyishiga toqatli boʻlishga majbur. Zotan, xotindagi tuygʻuning ustunligi aqliy mushohada va mantiqiy xulosani zaiflashtirib yuboradi.
Ba’zan qizlar adashib giyohvandga erga tegib qoladi; ba’zan erkak jaholatga qul boʻlib, umuman tuzalmagan holda xotiniga tinimsiz zulm qilishi mumkin; ba’zan xotin bezbet va surbetlarcha erning qonini ichishi, erga ishonmasligi, erning mol-mulkiga ongli ravishda ziyon keltirishi, erning obroʻsini muttasil ravishda toʻkishi, erning hurmatsiz qilib, xorlashi, hech bir nasihatni – na yaxshi, na yomon gapni olmasligi mumkin. Ha, shunday xotinlar bor: erining mulkini asramaydi, erining topganini sovurib, uni har tomondan qiynaydigan xotinlar koʻp. Ular erning issiq-sovugʻi bilan qiziqmaydilar, ular xudbin va badbindirlar.
Ana shunday holda ajrashish soʻnggi chora boʻlishi mumkin. Bunda ham kishi mustaqil qaror bermasin. Hech qanday vahima (panika)larsiz, kimnidir yerga urishlarsiz bosqichli ishlarni qilishi lozim:
1. Xotin kishi holatdan ulugʻlarni xabardor qiladi. Ulugʻlar – ota-ona, togʻa-amakilar – erni nasihat bilan ogohlantirishadi. Bu nasihatlar bir necha marta davom etadi. Xotin hech bir zulmga javob bermaydi, faqat zulm toʻxtamasa, ota-ona yoki aka-ukasi boshchiligida ajrashish harakatini boshlaydi, bunda imom xatiblar yordamiga tayanmoq ma’qul. Hamma birdek kelishib ajrashish qarori olinsa, obroʻga zid ishlar, johilona harakatlar qilinmaydi – sokinlik ila oʻsha ish qilinadi.
2. Agar xotin gapga kirmasa, uzun vaqt nasihatlar qilinadi; keyin u bilan toʻshak alohida qilinadi; keyin xona alohida qilinadi; yana uzun muddatlar beriladi; xotinga adabsizliklar oqibati yaxshi boʻlmasligi bosiqlik ila qayta va qayta tushuntiriladi; xotin hech tuzalmasa, zararkunandalik va shalaqligini qoʻymasa; tilini besh qarich qilib chaqaversa, istixoralar qilinadi muloyimlik ila oxirgi qaror beriladi. Agar farzandlar boʻlsa, ularga vaziyat aytiladi: “Biz endi onang bilan birga yashay olmaymiz, shekilli...” – deyiladi. Bolalar ham aqlli, ular shu choqqacha hammasini kuzatib kelayotganlari uchun hammasini yaxshi tushunishadi.
Eng asosiy qoida – er boʻlsin, xotin boʻlsin, ajrashsalar, zulm va jaholatsiz, sokin va xotirjam holda bu ishni qilishlari shart. Shariat ulamolaridan soʻralsa, ular taloqning bid’at va sunnat turlarini tushuntirib beradilar. Shunga koʻra, sunnatga oid raj’iy taloq ila ajrashish tavsiya etiladi. Bid’at va boin taloqdan saqlangan yaxshi. Bu sokin va muloyim usul erni ham, xotinni ham tarbiyalab qoʻyishi mumkin. Xotin shalaqi va tarbiyasiz boʻlsa-sa, bu qadar muloyimlik uni insofga keltirishi, tavba qilishi ham ehtimoldan xoli emas, natijada, qayta nikoh oʻqilishi va oila tiklanishi hech gap emas.
Basharti, unday boʻlmasa, ikki tomon ham bolalar haqqiga rioya etishlari, ularni ota-onadan bahramand boʻlishlariga, kerakli tarbiya olishlari sharoit qilishlari kerak, bolamni koʻrsatmayman degan gaplar oʻtaketgan nodonlik boʻladi.
Ikki tarafga boʻlinganlar keyin oʻz qarorlarini oʻzlari berishadi, oʻzlari yoqqan bu olovda uzoq vaqt yonadilar.
Shu sababli aytamizki, hatto qushning uyasi buzilmasin! Xudoyim hamma oilalarni mustahkam qilsin va hech bir oilada ajrashish degan soʻz hech qachon eshitilmasin!
Oilani ba’zan tashqaridagi johillar ham buzishga intiladilar, ulardan ehtiyot bo‘lish, ajrash deydigan har qanday odamdan uzoqqa ketish shartdir. Unday odam yo odam qiyofasidagi shayton, yo shaytonga qul bo‘lgan badbaxtdir. Ularga Xudoning la’nati yog‘iladi.
Sabrning eng go‘zali – er-xotinning bir-biriga sabr qilishi va bir-birining mayda xatolarini kechirib yuborishi, uncha-muncha nuqsonlarga ko‘z yumishidir.
Akrom MALIK