← Barcha maqolalar

Har kun tongda biror matn e’lon qilib turilgan edi, lekin ayrim ishlarga vaqt…

Maqola · 2 daqiqa o‘qish

Har kun tongda biror matn e’lon qilib turilgan edi, lekin ayrim ishlarga vaqt ajratilishi zaruratidan bu matnlarga sarflanadigan daqiqalarni tejashga harakat qilindi, ammo bugun bir fikr kelib qoldiki, Allohdan yordam so‘rab yozishga kirishildi.
O‘lim kelmasidan avval o‘lingiz deydilar. Bu degani o‘lim kelmasidan avval o‘limga tayyor turing: yaxshi amallarni ko‘paytiringiz, yomon ishlarni to‘xtatingiz degani. Irfoniy ma’nosi Haq taolo yo‘liga chiqdingmi, bu yo‘lda keladigan aziyatlarni o‘lik kabi qabul qil, dod-voy qilma demakdir.
O‘lgan odamni ko‘mishadi. Qabrga joylab, do‘st-u dushman tuproq tortib qaytadilar. Eng sevgan odam ham qabrga sen bilan birga ko‘mila olmaydi. O‘lgan odam ham o‘zini shunday his qilishi kerak ekan: farzandlar, do‘st-u yoronlari indamay, balki ayriliqdan hech qanday azob chekmay ketib qolishayotganligini bilib, o‘lik go‘rdan bosh ko‘tarib, ketmangizlar deya oladimi? Yo kimningdir etagidan tuta oladimi?
Albatta, yo‘q.
O‘limdan avval o‘lsang, qabrga kirishdan avval kirsang, seni kim tark etsa ham, shunday bo‘lasan. Bo‘ldi. Tamom. Kuyinma. Ketgan odam seni qabrga qo‘ydi. Endi ortga qaytmaydi. Qabrni hech qachon ochib, seni tiriltirib olaman deb o‘ylamaydi.
O‘lik uni ko‘mganlarni malomat qilmagani kabi ketganlarni sen ham malomat qilma. Tiriklarni o‘z holiga qo‘y. Sen o‘z hisobingni kut...
Ketganlardan rozi bo‘l. Hayotni ko‘rding-ku, qanchalik iztirobli, hech kimga bu iztiroblarni ravo ko‘rma. Bildingki, gunohkorlar bisyor, ketganlarni gunohkor bo‘lishini emas, savobdor bo‘lishini xohla. Bildingki, olam g‘ofillarga to‘lib toshgan, ketganlarni hushyor bo‘lishini ista. Bildingki, dunyoda shaytonning do‘stlari behad ko‘p, ketganlarga Allohning do‘stligi nasib aylasin!
Sendagi gunoh sababli ular ketgan bo‘lsalar, shodlan, qanday ham pokiza odamlar ekan ular! Nazdingda, ular yanglishayotgan bo‘lsalar, u holda kuyinmoq nechun?! Yagona ayblari seni tark etganlarimi? Bu ayblari uchun ularni qaysi mahkamaga tortmoqchisan? Astag‘firulloh! Ular ochiq yuz ila ketmasalar-da, sen ochiq yuz-la qol. Ular shirin so‘z ila tark etmagan bo‘lsalar, sen shirin so‘z ayt. Dunyo bunday adovatlarning joyi emas va umr bunday g‘amlarga sovurish uchun berilmagan.
Ey azizlarim!
Ko‘nglingiz keng, xotiringiz jam, yaxshiliklar do‘st, baxtingiz bekam-u ko‘st bo‘lsin! Siz eng to‘g‘ri tanlovni qildingiz. Eng to‘g‘ri ishni qildingiz. Siz yaxshisiga loyiqsiz. Allohga omonat bo‘lingiz!

Akrom MALIK