← Barcha maqolalar

Endi esa mehmonnavozlik adablarini bayon qilsak.

Maqola · 4 daqiqa o‘qish

Endi esa mehmonnavozlik adablarini bayon qilsak.
1. Mezbonni ochiq chehra bilan kutib olinadi, mehmon kelganda uyda bolalardan kimdir xato qilsa, hech kimga tanbeh berilmaydi.
2. Dasturxonga mehmonlar uchun eng sara ne’matlarni qo‘yish lozim. Keyingi paytlarda o‘zbek xalqining eng yaxshi narsalarni mehmon uchun, hatto bolalarning qo‘li yetmaydigan joyda saqlashini tanqid qiluvchilar ko‘paygan. Aslida, bu mehmonning izzatidir. Bu boladan narsani qizg‘anish emas, balki bolaga mehmonning qadr va qiymatini ko‘rsatish hisoblanadi. Eng yaxshi narsani o‘zi emas, balki boshqalarga ilinish haqidagi himmatning amaliy o‘rnagidir bu. Xulosa shuki, mehmonga sara taomlar tayyorlashda baxillik qilish uyatdir. Mehmonning hurmati ham to‘kin dasturxon orqali izhor qilinadi.
3. Kutilmagan mehmon kelib qolsa, unga kutilgandan ko‘ra yaxshiroq izzat qilinadi. Toki u ogohlantirmay, chaqirilmagan holda kelganida xijolatda qolib ketmasin.
4. Mehmonning holati, kayfiyatiga qarab, uni ushlab qolmaslik kerak. Agar mezbon kechqurun kelgan bo‘lsa, yotib qolishi uchun sharoit hozirlash, ibodatlari uchun qulaylik yaratib berish darkor.
5. Mehmon kelganda uyda dasturxonga qo‘yish uchun narsalar bo‘lmasa, ovqat uchun masalliq tugagan bo‘lsa, qo‘shnidan qarz olib bo‘lsa-da, mezbonlik shartlarini bajo keltirish talab etiladi. Mehmonga dasturxon yozib, bir piyola choy qo‘ymaslik himmatga ziddir. Avval choy qo‘yib, non ushatib, so‘ng mezbonning muddaosiga quloq berish to‘g‘ri ish.
6. Mezbon ketarkan, qo‘liga kichik bo‘lsa-da, hadya berish eski udumlardan sanaladi. Hadyaning afzali – pul. Mehmon musofir va biroz qo‘li kalta bo‘lsa, yo‘lkira qiladi. Yo‘qsa, dastro‘mol yoki tasbeh, do‘ppi yoki mushk va hokazo narsalarni hadya qilib, mehmonning duosini olish lozim.
7. Eng asosiy qoidalardan biri – mehmonning uch kungacha mezbonda haqqi bor. Mezbon ketaman demasa, uch kungacha og‘rinmay ikrom qilinadi. Nega kelding deyilmaydi. To‘rtinchi kun tongdan keyin ochiq shaklda so‘rovga o‘tish mumkin.
Shunday qilib, mehmondorchilik bilan bog‘liq masalalarni qisqacha mulohaza qildik, endi esa qo‘shnichilik haqlari haqida ham so‘zlaymiz.
Bugun qo‘shnilar eski zamonning qo‘shnilari kabi emas. Burungi vaqtlarda qo‘shnilar qarindoshdan yaqin bo‘lishgan. Hozir shaharlarda yon qo‘shnilar bir-birlarini tanimaydilar. Bir-birlariga xavotir va ishonchsizlik bilan qarash hissi ham bor. Qo‘shnichilikning bir qancha odoblari bor. Xususan, ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz:
1. Biror joydan hovli yoki uy olishdan avval qo‘ni-qo‘shnilarni surishtirish kerak. Yaxshi odamlar bilan qo‘shni bo‘lgan yaxshi. Agar qarindoshingiz qo‘shningiz bo‘lsa yoki qo‘shningiz qarindosh bo‘lsa, nur ustiga nur.
2. Yangi ko‘chib kelgan qo‘shnini darhol yo‘qlab chiqib, yordam taklif qilish lozim: “Assalomu alaykum! Qo‘shni, men falonchiman, mana bu joyda yashayman. Siz yangi kelibsiz. Tanishib olsak. Tashakkur. Sizga qanday yordam bera olaman? Biror yordam kerak bo‘lsa, ikkilanmang!”
Mabodo o‘zingiz ko‘chib borsangiz, joylashib olgach, qo‘shnilarning hammasining uyiga kirib birma-bir tanishib, ularga kichik ehson ziyofati qilib beriladi. Bu orqali ular bilan yaqindan tanishiladi. Tabiiyki, yangi qo‘shni uyiga zarur narsalar yoki pul hadyasi bilan boriladi.
Qo‘shni xushxulq va insofli bo‘lsa, Xudoning rahmati. Agar badfe’l va axloqsiz bo‘lsa sabr qilinadi va yaxshi muomala bilan ko‘nglini olish kerak. Hech qachon qo‘shni haqida yomon gapirmaslik lozim. Yomon qo‘shni haqida sukut qilinadi.
Qo‘shni to‘y qilsa, xizmatda turiladi, qo‘shni uyida aza bo‘lsa, bel yelka tutiladi. Zarurat tug‘ilsa, qo‘shni uchun, qo‘shnining mehmonlari uchun o‘z uyingizdan xona ajratib ham berasiz.
Qo‘shni nimadir so‘rab chiqsa, albatta, so‘rovini bajo qilish kerak. Qo‘shni muhtojroq bo‘lsa, doim yordam qo‘lini uzatish, agar siz boy bo‘lsangiz, siz ham undan nimadir narsa so‘rab turishingiz lozim. Bu bilan sizga ham u kerakligini bildirasiz.
Qo‘shni uyiga taom chiqarish eski udumlarimizdan. Buning uchun sabab bo‘lishi shart emas. Lekin bayramlarda, albatta, qo‘shniga ham sovg‘a va osh chiqarish kerak.
Maqsad – qo‘shni bilan ahil yashamoqdir. Yaxshi qo‘shni bilan musibatlar yengil o‘tadi.
Qo‘shni bilan qadriyatlaringiz teskari bo‘lgan taqdirda, masofa saqlaysiz, lekin holidan xabar olib, yaxshilik qilaverasiz. Sir bermaysiz va yomonligi, xiyonati yetishidan ehtiyot bo‘lasiz.
Qo‘shni aldasa, kechirish; qo‘shnini aldamaslik; yomonlik qilsa, sabr ko‘rsatish; yaxshilikda bardavom bo‘lish; qo‘shni bolalarini tarbiya qilish uchun nazorat etish kerak. Yaxshi qo‘shnichilik bilan odamzod juda ko‘p musibat va balolardan qutuladi.
Yaxshi qo‘shni ketganingizda uyingizga qorovullik qiladi; sha’ningizni himoyalaydi; og‘ir kuningizda qo‘llaydi. Qo‘shnisi bor odam yolg‘iz va baxtsiz bo‘lmasligi kerak. Qo‘shni qo‘shniga xiyonat qilmasligi shart.
Har bir oilaga yaxshi qo‘shnilar nasib qilsin va yaxshi qo‘shni bo‘lish nasib etsin!
Bu bobda mehmonlar va qo‘shnilar haqida gaplashdik, bu ikki toifa ham kishilardan kenglik va mardlik talab qiladi, mehmon va qo‘shnini boshga ko‘tarish insoniylikdandir.

Akrom MALIK