2. Xo‘jalik asboblari. Oshxona buyumlari ayollarning quroli bo‘lsa, erkaklar uchun…
2. Xo‘jalik asboblari. Oshxona buyumlari ayollarning quroli bo‘lsa, erkaklar uchun xo‘jalik asboblari xizmat qiladi: ketmon, belkurak, buragich (otvertka), ombir (plostkagupsa), arra, bolta, bolg‘a, tesha, andava, randa, mixsug‘irgich va shu kabi narsalar. Bu qatorga temirarra, toqqaychi, poytesha, drel, bolgarka, tunukaqaychi, arava kluchlarilarini ham kiritish mumkin. Erkak kishi uyidagi nosozliklarni – devorlarni suvash, kranlarni tuzatish, ko‘chgan, singan, uzilgan narsalarni tuzata olishi shart. Bularning bari, aslida, oson, faqat biroz qunt va e’tibor talab qilinadi, xolos.
Albatta, hovlida yashaydigan oila yerning har bir qarichini ko‘kartirib, yashnatib qo‘yadi, bu ishga bosh bo‘lish ham erkakning vazifasidir.
Oshxona buyumlari o‘z javonida turgani kabi xo‘jalik asboblari ham alohida xonada saqlanmog‘i lozimki, har bir xizmatchi uskunani ehtiyotlash uning xizmatini mukofotlashdir.
Shuningdek, qassoblik, ya’ni hayvon bo‘g‘izlash bobida ham erkakda tajriba bo‘lsa, yaxshi, shunday tajriba orttirilsa, hayvon so‘yadigan pichoq va qayroqlarga ham ega bo‘lish tavsiya etiladi.
Oilada zarur bo‘ladigan asboblar haqida gaplashdik, endi esa kiyinish masalasiga to‘xtalamiz. Aql ulg‘aygan odam tor va yorqin ranglardan parhez qiladi. Ya’ni yengi uzun, juda ham keng bo‘lmagan, salobatli liboslar kiyadi. Ayollar emas, erkaklar ham o‘zlarining bilaklari va boldirlarini ochiq tutishdan saqlanishlari odobdan sanaladi. Shu ma’noda yoz-u qish yengli liboslar, rangi jiddiy va ochiq liboslar har bir kishiga yarashadi, shubhasiz, libos bu did masalasi, lekin uning havo o‘tkazuvchi bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Vafo har bir insonga zarur xislatdir, ammo u juda kam insonda bo‘ladi. Vafodor inson, hatto liboslariga ham vafo saqlaydi. Sifatli libos olib, uni uzoq muddat kiyish qanoat va vafodandir. Har mavsumda yangi kiyim olish uncha to‘g‘ri emas. Buning ikki sababi bo‘ladi: sifatsiz libos tanlangani uchun u xizmat qila olmaydi; ikkinchisi, libos sifatli bo‘lsa-da, yangi narsaga o‘chlik hali hoy-u havaslardan zafar qozonilmaganiga dalildir.
Shubhasiz, uy va ko‘cha uchun alohida liboslar bo‘ladi. Inson uyda kiygan libosini ko‘p urintiradi va uy libosi tez eskiradi. Agar ko‘cha libosini ham uyga kiyaverilsa, u ohori va yangiligini yo‘qotadi. Holbuki, ko‘chaga chiqqan odam chiroyli va yangi kiyim kiysa, maqbul. Bu bilan insonlar ko‘ziga yaxshilik qiladi, insonlar ko‘z orqali chiroyli libosdagi odamni ko‘rsalar, qalblariga ixtiyorsiz bir iliqlik kiradi.
Shuningdek, bayram va to‘ylar uchun ham o‘zgacha bir libos saqlansa, yaxshi. Chunki kishilar bayram va to‘ylarda xursandchilik qiladilar, chiroyli va yangi kiyimlar kayfiyatni ko‘taradi.
Albatta, kiyimparastlik, o‘ziga jilo va ziynat berishda haddan oshish qanchalik xunuk bo‘lsa, o‘zini e’tiborsiz tashlash, kir va yirtiq kiyimlar kiyish, o‘zini faqir va bechora ko‘rsatish ham shunchalik yoqimsizdir. Soch va soqollarni tartiblash, mushk kabi xushbo‘ylardan foydalanish zaruratdir. Yangi liboslar kiyilayotganda kichik yuvinish, ya’ni bo‘yin va qo‘llarni suv bilan poklash muhim, bu libosni pok tutishga yordam berish bilan birga odamdan noxush hid chiqishining oldini oladi. Ochiq-sochiq, yaltir-yultur, tor-tirriq kiyinish sharmandalikka yaqin, hurmatli odam keng-mo‘l, sidirg‘a va jiddiy, yopiq va uzun kiyinadi.
Sport uchun chiqarilgan kiyimlarini sport va uy uchun, ko‘chaga esa yengli ko‘ylak va shimlar kiygan maqbul. Ayollarning libosiga kelsak, bu ma’lum masala – o‘zini hurmat qilgan ayol begona ko‘zlarga o‘zining ko‘rsatish mumkin bo‘lmagan joylarini ko‘rsatmaydi; yarim yalang‘och yurib, bundan faxrlanadigan ahmoqlar qatorida turmaydi, o‘z erkinligi yoki fikrining hurligini tanasini ochiq ko‘rsatish bilan isbotlaydigan darajada nodonlik qilmaydi. Shuningdek, boshiga ro‘mol o‘rab, unga hijob nomini berib, beldan pastini ko‘z-ko‘zlashdek illatdan uzoq turadi.
Qisqa qilib aytganda, libos inson ichki olamining tashqaridagi ko‘rinishi hamdir.
Endi esa ijtimoiy tarmoq haqida to‘xtalsak. Oilada zaruratsiz tarmoqlarda faol bo‘lmaslik, har xil materiallar tagiga hisbelgilar qo‘yib, har xil gaplarni yozishdan saqlanish bosh qoida bo‘lishi kerak. Umuman olganda, ijtimoiy tarmoqda yiroq turish, undan faqatgina aniq maqsadlar bilan foydalanish tavsiya etiladi. Ota-onalar bolalari qo‘liga gaptashir bermasliklari, bersalar, doimiy ravishda tekshirib turishlari shart.
Asosiysi, bolangiz vayner yoki shunga o‘xshash toifa safiga kirib, bekor ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib qolmasin.
“Mumtoz oila” risolasida oilada uchrashi mumkin bo‘lgan barcha masalalarni qamrab olishga urinmoqdamiz. Bunda o‘zaro yaqin mavzularni jamlayapmiz. Ushbu bobda ro‘zg‘or buyumlari, kiyinish va ijtimoiy tarmoq mavzularini bir joyda zikr qildik. Chunki bu mavzular oilaning ichki yoki ma’naviy emas, balki moddiy-jismoniy masalalari bilan bog‘liq ko‘rindi.
Akrom MALIK